16:58 / 04.08.2017
18885

«Maktablar obodonlashtirish ishlarida qatnashish tashabbusi bilan chiqmoqda. Bu tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanmoqda» - Hokimlik

Foto: nuz.uz

Samarqand shahri hokimligi matbuot xizmati joriy yilning 29 iyul kuni Kun.uz saytida e'lon qilingan
«Gap boshqa, ish boshqa: o‘qituvchi va shifokorlar majburiy mehnatga jalb qilinmoqda» maqolasiga munosabat bildirdi.

Samarqand shahri obodligiga barchamiz mas'ulmiz

Qadimiy va hamisha navqiron shahrimiz Samarqand keyingi yillarda yanada chiroy ochib, sayqal topib borayotganligiga barchamiz guvoh bo‘lmoqdamiz. Quvonarlisi, shahrimizdagi qurilish-bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari nafaqat yurtdoshlarimiz, balki sayyoh sifatida Samarqandga tashrif buyurayotgan xorijlik mehmonlar tomonidan yuksak darajada e'tirof etilmoqda. Shaharda dovrug‘li xalqaro anjumanlar o‘tmoqda, g‘arb va sharq arxitekturasi uyg‘unlashgan mazkur qadimiy kentga tashrif buyurishni, uni yana bir bor kelib, tomosha qilishni dilida tuggan insonlar soni ortib borayotganini ta'kidlash joiz.

Shahar ko‘chalarining kengaytirilayotgani, Prezidentimiz tashabbuslari bilan zamonaviy tramvay yo‘llari o‘tkazilayotgani — bugun har bir samarqandlikning ko‘z o‘ngida shahar mutlaqo yangicha qiyofa kasb etib borayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz.

Savol tug‘iladi: bu go‘zal maskan qanday sayqal topmoqda? Qanday qilib go‘zallashib borayotir? Uni kimlar obod qilayapti?

Albatta, barchasiga birinchi navbatda samarqandliklarning o‘z shahriga nisbatan muhabbati bilan erishilayapti, deb javob berishimiz mumkin. Chunki barchamizning faxrimiz bo‘lmish shu aziz maskan bizning ona shahrimizdir. Uning obodligini, go‘zalligini ta'minlash samarqandlikman, degan har bir fuqaro yoshu-qari, ayolu-erkak, rahbaru oddiy ishchi-xodim uchun ham farz, ham qarz. Shuni mamnuniyat bilan aytish mumkinki, bugun ona shahrini sevuvchi, uni ko‘z qorachig‘idek asrovchi hamshaharlarimiz juda ko‘p.

Hozir Samarqandning birgina Ro‘dakiy ko‘chasida emas, qayerigaki bormang keng ko‘lamda qurilish, bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘lasiz.

Maqola muallifi To‘ra Murod jurnalistik etikaga rioya qilib, ushbu masala yuzasidan shahar hokimligiga murojaat qilganida yoki bunyodkorlik ishlari olib borilayotgan ko‘chaga borganida ham bunga o‘zi guvoh bo‘lar edi. Muallif o‘z maqolasida tilga olib o‘tgan Ro‘dakiy ko‘chasidagi obodonchilik, bunyodkorlik ishlarini hashar yo‘li bilan amalga oshirishda ham fidoyi samarqandliklar tashabbus bilan chiqishganini ta'kidlash joiz. Chunki samarqandlikman degan har bir kishi o‘z ona shahrida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarga chetdan qarab tura olmaydi. Bu bugun yo kecha paydo bo‘lib qolgan holat emas, bu azaldan — ajdodlardan avlodlarga meros bo‘lib o‘tib kelgan, shakllangan qadriyat.

Chunonchi, maqolada tilga olingan vaziyat bo‘yicha shahar hokimligi devoni xodimlaridan 18 nafar, Samarqand shahar XTMFMTE bo‘limiga qarashli 75 ta umumta'lim maktablari orasidan hududga yaqin bo‘lgan 12 ta umumta'lim maktabi jamoasi iyul oyi boshlarida bunday xayrli ishga bosh qo‘shish maqsadida tashabbus bilan chiqishdi. Bundan tashqari, shahardagi ayrim korxona va tashkilotlarning texnik xodimlari o‘z tashabbuslari bilan shaharda amalga oshirilayotgan xayrli ishlarga bosh qo‘shishni maqsad qilib, murojaatlarga labbay deb javob berishdi. Ularning ushbu tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi, shahar hokimligi tomonidan ishlar tartibli va tez muddatda amalga oshirilishini ta'minlash maqsadida ularga hududlar taqsimlab berildi, xolos.

Muxtasar qilib aytganda, aziz qadamjolar maskani hisoblanmish Samarqandning mana shunday obod va ko‘rkam maskanga aylanishida boshqalarning emas, qalbidaryo va mehnatkash samarqandliklarning beminnat mehnati yotibdi.

Samarqand shahar hokimligi Axborot xizmati.

Top