14:56 / 04.08.2017
24756

Hokimlikka e'tirozlar haqqoniymi?!

Foto: Toshkent shahar hokimligi

Toshkent shahar hokimligi “Ozodlik” radiosining  “Facebook”  sahifasida e'lon qilingan  Toshkent shahridagi 9 qavatli sobiq yotoqxonalardan birida oilasi bilan istiqomat qilayotgan fuqarolardan birining yondosh ochiq xonada ochiq elektroshchit tufayli yuzaga kelayotgan muammolari  o‘rganib chiqildi, deb xabar bermoqda shahar hokimligi axborot xizmati.

O‘rganish jarayonida ushbu  yotoqxona  Yashnobod tumani, Aviasozlar 2-dahasi, 37 uy, ya'ni sobiq Aviasozlar birlashmasining 22-sonli  to‘qqiz qavatli yotoqxonasining 103-xonasi bo‘lib chiqdi. Xonadon egasi Muqaddas Haydarova oilasi bilan 2015 yilning 2 fevralidan buyon joyda istiqomat qilib kelishi ma'lum bo‘ldi. Fuqaro murojaatida bildirilgan salbiy holatlar, jumladan M.Haydarova egallab turgan xonaga tutash bo‘lgan elektroshchit butun binoni elektr quvvati bilan ta'minlovchi shchit hisoblanadi. Uning alohida yopiq kichik xonada bo‘lishi bino loyihasida belgilangan. Masala joyga chiqib o‘rganilganda elektroshchitxona eshigi yo‘qligi hamda qarovsiz ahvolda ekanligi o‘z tasdig‘ini topdi. Mutaxassislar tomonidan ushbu salbiy holat tezda bartaraf etildi. Shchitxonaning tashqi ko‘rinishi to‘liq tartibga keltirilib, uning kirish qismiga qulfli eshik o‘rnatildi.

“Lekin fuqaroning shahar hokimi qarori bilan uyning yarmi olib qo‘yilmoqchi degan da'volari mantiqqa zid. Chunki, bu kabi qaror umuman qabul qilinmagan, qabul qilinishi ham mumkin emas. Aksincha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida davlat uy-joy fondini xususiylashtirish to‘g‘risidagi Nizomga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qaroriga asosan fuqarolarga 2018 yil 1 iyuligacha uy-joylarni xususiylashtirish imkoniyati berilgani tushuntirilgan. Bunga yotoqxonalarda doimiy yashab kelayotgan fuqarolar toifasi ham kiradi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Ozodlik” murojaatlar ichiga chuqurroq kirib, bildirilgan e'tirozlar haqqoniyligiga to‘liq ishonch hosil qilgandan so‘ng e'lon qilinishini maqsadga muvofiq deb bilamiz”, - deyiladi shahar hokimligi matbuot xizmati xabarida.

 

Top