Andijon viloyati IIB avtulovdan pul va boshqa qimmatbaho buyumlarni olib qochgan o‘g‘rini ushlashga muvaffaq bo‘ldi. Viloyat IIB matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, joriy yil 1 avgust kuni noma'lum shaxs Andijon tuman Oyjamol mahalla fuqarolari yig‘ini hududida Andijon shaharida yashovchi Sh.M.ga tegishli bo‘lgan «Spark» avtomashinasining old eshigini temir jism bilan ochgan. So‘ngra, avtomashina salonida bo‘lgan 3 dona uyali telefon apparati, 100 AQSh dollari va 1 mln 900 ming so‘m pullarni o‘g‘irlab ketgan.
Tuman IIB Tergov bo‘limi tomonidan ko‘rilgan choralar natijasida noma'lum shaxs aniqlanib ushlandi. U shu MFY Navbahor ko‘chasida yashovchi E.B.bo‘lib chiqdi. Ashyoviy dalil sifatida 100 AQSh dollari, 1 dona telefon apparati va 450 ming so‘m pul olindi.
2017 yil 4 avgustida ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasini 2-kismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Hozirda ushbu fuqaroning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.