10:31 / 05.08.2017
13358

Buxoroda qabih “savdo”ga chek qo‘yildi

Bahrullo Ismatov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) muqaddam sudlangan bo‘lsa-da, qalb ko‘zi so‘qirligicha qolganlar toifasiga kiradi. Yo‘qsa, tarkibida giyohvand modda mavjud bo‘lgan “zahri qotil” savdosi bilan shug‘ullanmas edi. Jinoiy sherigi Shuhrat G‘ayratov bilan oldindan til biriktirib, bu “jirkanch savdo”da vositachilik qildi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Shofirkon tumani markazida joylashgan “Istirohat bog‘i” oldida bir ayol kelib, o‘zini Oysanam, deb tanishtirdi-da, “Men haligi...“dori”ga keluvdim”, - dedi sekingina.

-  Surishtirib ko‘raman, - javob berdi Bahrullo.

-  Hozir pulini ham keltirib beraman, - ayol shunday deya 600 ming so‘mni Bahrulloning qo‘liga tutqazdi...

U Oysanam Abdullayevaga kerak bo‘lgan “ajal urug‘”ini zumda yetkazib berdi. “Gashish”ni 500 so‘mlik pul kupyurasiga o‘rab, yashab turgan uyiga keltirib yashirdi. Bu qabih savdoga huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari chek qo‘yishdi. 

Bahrullo Ismatov jinoyat ishlari bo‘yicha Shofirkon tuman sudining hukmi bilan 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Oliy ma'lumotli shifokor Romitan tumanidagi ko‘p tarmoqli poliklinikaning psixiatr vrachi Shermat Botirov esa tarkibida psixotrop modda mavjud bo‘lgan hisobda turadigan 50 dona “Tsiklodol” dorisini fuqaro Nigina Jalolovaga 10 ming so‘mga pullab yubordi.

Sh.Botirov tarkibida psixotrop modda bo‘lgan bunday dorilar bemorning o‘ziga emas, balki unga hamrohlik qilib kelgan kishiga berilishi kerakligini juda yaxshi bilardi. Shunday bo‘lsa-da, o‘zini bemor Go‘zal Murodovaning singlisi, deb tanishtirgan Nigina Jalolovani surishtirib ham o‘tirmadi.

Jinoyatga jazo muqarrar. Sud hukmi bilan Sh.Botirov 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Top