15:56 / 07.08.2017
8252

Bulung‘urda prokuratura tashabbusi bilan yoshlar o‘rtasida sport musobaqalari tashkillashtirildi

«Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» davlat dasturi, prezidentning 2017 yil 3 iyundagi «Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosini to‘liq ta'minlash hamda «Yoz-2017» ta'tilni mazmunli o‘tkazish maqsadida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda, deb xabar beradi Kun.uzga Bulung‘ur tuman prokuraturasi.

Tumandagi pedagogika va sport kollejida 25 iyul kuni «Sport-sog‘lom avlod, sog‘lom kelajak» shiori ostida sportning «TAEKWONDO WTF» turidan «Prokuror kubogi» musobaqasining tuman ochiq birinchiligi o‘tkazildi. Tadbirda Toshkent, Buxoro, Jizzax, viloyatlari va Samarqand viloyatining Tayloq, Urgut, Jomboy, Payariq va Past Darg‘om tumanlaridan jami bo‘lib 250 ga yaqin sportchilar ishtirok etishdi. Musobaqani tuman hokimi, prokurori va IIB boshlig‘i ochib berdi, musobaqa ishtirokchilari «Kirugi» bahslarida 41 ta vazn bo‘yicha bellashuv olib borildi.

Sport musobaqasida ishtirokchilar faol qatnashib, umumjamoa hisobida prokuror kubogini egallagan jamoalar sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi. Musobaqa yakuni buyicha umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni Bulung‘ur tumani, ikkinchi o‘rinni Samarqand shahri, uchinchi o‘rinni Toshkent viloyati vakillari qo‘lga kiritishdi.

Musobaqaning g‘olib jamoalari va sovrindorlari tuman prokurori U.Butunov tomonidan tegishli darajadagi medal, kubok, diplom hamda estalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Shuningdek, 30 iyuldan 3 avgustgacha Bulung‘ur tuman pedagogika va sport kollejida Mustaqillikning 26 yilligiga bag‘ishlab yoshlar va katta yoshdagi jamoalar o‘rtasida sportning shaxmat turidan Bulung‘ur tuman ochiq birinchiligi bo‘lib o‘tdi.

Musobaqada 16 ta jamoa (192 ta ishtirokchi va 16 nafar murabbiy) g‘oliblik uchun dona surishdi. Tadbirda jahon, qit'a va respublika birinchiligi musobaqalarida sovrinli o‘rinlarni olgan sportchilar ham qatnashdi.

Musobaqa g‘olib va sovrindorlari tuman xokimligi, tuman prokuraturasi, «Yoshlik» JTSJ, davlat muassasalari xodimlari kasaba uyushmasi hamda ta'lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasining tegishli darajadagi kubok, medal va diplomlari bilan taqdirlandi.

O‘z muxbirimiz.

Mavzuga oid
Top