22:10 / 07.08.2017
11631

Nazarboyev: G‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalari Qozog‘istonga ta'sir qilishi mumkin

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev bosh vazir Bakitjon Sagintayev bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida Nazarboyevga joriy yilning 7 oyi yakunlariga ko‘ra hukumatning faoliyati haqida hisobot taqdim qilindi. 

Qozog‘iston prezidenti mamlakat rivojlanishi iqtisodiy ko‘rsatkichlarining ijobiy dinamikasini qayd qilib o‘tdi hamda davlat va tarmoq dasturlarining amalga oshirilishi muhimligini ta'kidlab o‘tdi. 

Nazarboyev 7 oy yakunlariga ko‘ra asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlar o‘sgani haqida xabardor qilindi.

"Iqtisodiyot o‘sishi 4,2 foizni tashkil qildi. Ishlab chiqarish sohasidagi ko‘rsatkichlar neft qazib olish darajasi pasaygan Qizilo‘rda va Mangistau viloyatlaridan tashqari, mamlakatning barcha viloyatlarida 100 foizdan oshgan. Investitsiyalar jalb qilinishi bo‘yicha o‘tgan yilga nisbatan 3,7 foizlik o‘sish kuzatilgan. Barcha viloyatlarda ko‘rsatkichlar ijobiy. Inflyatsiya darajasi iyun oyiga nisbatan 0,1 foizga oshgan. Oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 0,5 foizga kamaygan. Ishsizlik darajasi 4,9 foizni tashkil qilgan", deb hisobot bergan Sagintayev.

"Iqtisodiyotning asosiy o‘sishiga "Nurli jol" dasturi amalga oshirilishi turtki bermoqda. Joriy yilda avtomobil yo‘llari qurilishiga 356 mlrd tanga sarflash ko‘zda tutilgan. Joriy yilda 600 km yo‘l ishga tushirilgan. Yil oxirigacha 469 km yo‘l pullik bo‘ladi. Bunday tizim ishga tushirilgan birinchi trassa "Ostona – Borovoye" bo‘ldi, u yiliga 1,5 mlrd tanga keltiradi va shu yo‘l bilan qurilishiga ketgan mablag‘larni qoplaydi", deb aytgan bosh vazir. 

Nazarboyev uchrashuv yakunida hukumat va akimlar oldiga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirishni davom ettirish topshirig‘ini bergan. "Fikrimcha, hukumat astoydil ishlamoqda. Men hammaga murojaat qilaman, yil oxirigacha yaxshi ko‘rsatkichlar bilan chiqishimiz uchun hammamiz uyushqoqlik bilan ishlashimiz zarur. Xatarlar mavjud. Energiya tashuvchilar, xom ashyolarimizga narxlar o‘zgarishi mumkin. G‘arbning Rossiyaga sanksiyalari ta'sir qilishi mumkin. Buni hisobga olish lozim", deb aytgan Nazarboyev. 

Top