15:46 / 07.08.2017
18987

Oliy harbiy ta'lim muassasasida ishlash uchun pensionerga hujjatlar to‘plami zarur (ro‘yxat)

Mudofaa vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Moliya vazirligi qarori (2017 yil 24 iyul) bilan Harbiy xizmatchilar orasidan pensionerlarni oliy harbiy ta'lim muassasalarining ilmiy xodimlari va o‘qituvchilari lavozimlariga ishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.

Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 17.02.2017 yildagi PF-4960-son “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining pensionerlarini ijtimoiy muhofaza qilishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan Qurolli kuchlar akademiyasi, oliy harbiy ta'lim muassasalarida o‘qituvchi va ilmiy xodim sifatida mehnat faoliyatini amalga oshiradigan Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari to‘liq pensiya olish huquqiga ega ishlovchi pensionerlar jumlasiga kiritilgan. 

Qabul qilingan hujjat faqat Mudofaa vazirligining  oliy harbiy ta'lim muassasalariga (OHTM) tatbiq etiladi.

Tegishli ma'lumotga, kasbiy tayyorgarlikka va yuksak axloqiy sifatlarga ega bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari OHTMlarida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin.

Ilmiy xodim va o‘qituvchi lavozimiga ishga qabul qilish tanlov asosida amalga oshiriladi. Bunda ilmiy daraja va ilmiy unvonga hamda chuqur kasbiy bilim va tajribaga ega bo‘lgan nomzodlarga ustunlik beriladi.

Tanlovda ishtirok etish xohishini bildirgan pensionerlar tanlov e'lon qilingan kundan e'tiboran 1 oy muddat ichida zarur hujjatlarni topshirishi lozim. Zarur hujjatlar ro‘yxati:

•  ariza;
•  pasport nusxasi;
•  pensiya guvohnomasi nusxasi;
•  Qurolli Kuchlar rezervidagi harbiy xizmatchining guvohnomasi;
•  belgilangan shaklda to‘ldirilgan so‘rovnoma;
•  tarjimai hol;
•  oliy ma'lumot to‘g‘risidagi diplomining nusxasi;
•  mehnat daftarchasi (mavjud bo‘lsa);
•  tegishli ilmiy darajasi haqidagi diplomning nusxasi (mavjud bo‘lsa);
•  tegishli ilmiy unvoni haqidagi attestatning nusxasi (mavjud bo‘lsa);
•  ilmiy ishlar ro‘yxati (mavjud bo‘lsa);
•  ilmiy ishlar hamda ixtirolarga tegishli hujjatlar va boshqa mualliflik huquqini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi (mavjud bo‘lsa).

Pensionerlar yuqorida ko‘rsatilgan lavozimlarga oliy harbiy ta'lim muassasalarining rahbari tomonidan tayinlanadi.

Top