15:50 / 08.08.2017
7131

Istanbulda daun sindromiga chalingan xizmatchilar ishlaydigan kafe paydo bo‘ldi

Istanbul shahrining Uskudar tumanida joylashgan mo‘'jazgina ovqatlanish maskani borgan sari ommalashib bormoqda. Gap shundaki, bu tamaddixonada daun sindromiga chalingan 10 nafar ishchi xizmat qiladi. Maskan rahbarining so‘zlariga qaraganda, qulay ish sharoiti yaratilgan imkoniyat ishchilarining ijtimoiy hayotda faol bo‘lishiga yordam bermoqda.

Uskudar tuman hokimligi tomonidan moliyalashtirilgan loyiha asosida Burxon Falak sayilgohida «Tabassum» tamaddixonasi ochilgan edi. Ayni paytda bu yerda 18 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan 10 nafar imkoniyati cheklangan xizmatchilar ishlamoqda.

Ular, avval, ikki yarim oylik maxsus kursda o‘qib, gigiyenik qoidalar, xizmat ko‘rsatish va mijozlar bilan ishlash muomalasini o‘rganadi. Anadolu muxbiri bilan suhbatlashgan Uskudar tuman hokimligi Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazi direktor o‘rinbosari Mustafo Yildiz «Tabassum» ovqatlanish maskani bizning imkoniyati cheklangan kishilarga nisbatan qarashlarimizni o‘zgartirishga majbur qiladi.

«Mijozlar bu yerga tashrif buyurib, yuksak did, ehtiyotkorlik va chin yurakdan xizmat qilayotgan ishchilarni ko‘radi. Hozircha bu loyiha Turkiyada yagona bo‘lib turibdi» , - deydi u.

Tamaddixona ishchilari maosh olayotganidan, odamlarga foydasi tegib, ular bilan doimo suhbatlashayotganidan mamnun ekanini bildirgan.

Top