22:45 / 08.08.2017
11071

Samarqandda 54 nafar maxsus hisobga olingan fuqarolar ro‘yxatdan chiqarildi

Samarqand shahridagi «Yoshlik» istirohat bog‘ida maxsus hisobga olingan fuqarolar va ularning farzandlari ishtirokida «Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!» shiori ostida madaniy, ma'naviy-ma'rifiy yo‘nalishdagi tadbir tashkil etildi, deb xabar beradi Kun.uzga Samarqand shahar hokimligi axborot xizmati.

Tadbir avvalida, shahardagi oliy o‘quv yurtlarining ziyolilari, 22 ta masjid imom xatiblari hamda nuroniy otaxon va onaxonlar tomonidan tadbir ishtirokchilariga o‘z hayotiy tajribasidan kelib chiqib, kelajakdagi hayotlariga maslahatlar va tavsiyalar berildi. Maxsus hisobda turgan fuqarolarning 54 nafari hisobdan chiqarildi.

Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan fuqarolarga shahardagi tijorat banklari tomonidan kredit olish masalasida, ishsiz yurgan fuqarolarga ishga joylashish masalasida amaliy yordam va tushuntirishlar berildi.

Shundan so‘ng, yoshlar 5 turdagi sport o‘yinlariga — arqon tortish, stol tennisi, armresling, shaxmat va futbol bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarga jalb qilindi.

Ishsiz yurgan fuqarolarga shahar bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan «Bo‘sh ish o‘rinlari» mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Yarmarkaga 125 ta korxona 1274 ta bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etishdi. Ish o‘rinlarining 799 tasi bo‘sh ish o‘rinlari, 475 tasi shahar hokimligi qarori bilan barpo qilingan maxsus kvota ish o‘rinlaridir. Yarmarkada shahardagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan 130 nafardan ortiq ishsiz fuqarolarga kelgusida o‘zlari uchun mos ish topish uchun huquqiy maslahatlar berildi. Ish izlovi sifatida ishtirok etgan 39 nafar fuqarolarga o‘zlari uchun mos kelgan kasblari bo‘yicha xalq xo‘jaligining turli sohalariga ishga joylashish maqsadida yo‘llanmalar berildi.

Madaniy qismda Samarqand zaminining mashhur san'at ustalari tomonidan konsert dasturi yuqori saviyada tashkil etildi.

Tadbir yakuni bilan maxsus hisobga olingan fuqarolarning farzandlari hamda mahallalardan taklif etilgan yoshlar ishtirokida tashkil etilgan sport musobaqalarida faol ishtirok etganligi uchun mas'ullar tomonidan 32 nafar g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yoshlarga shahar hokimining faxriy yorlig‘i va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Bundan tashqari, «Alpomish» yozgi dam olish oromgohida 45 nafar ushbu toifadagi yoshlar uchun dam olish tashkillashtirilgan bo‘lib, ularning oromgohdagi vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun barcha sharoitlar yaratildi.

O‘z muxbirimiz.

Top