09:52 / 08.08.2017
5497

Sirdaryoda korrupsiyaga qarshi kurash mavzusiga bag‘ishlangan yig‘ilishlar bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning tashabbusi bilan haftaning har payshanba kuni mamlakatda «Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni» deb e'lon qilinganligi munosabati bilan Sirdaryo viloyat prokuraturasi organlari tomonidan huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bunda prokuratura organlari faoliyati ochiqligi va oshkoraligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Xususan, viloyat prokuraturasi tomonidan viloyat teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda «Xalq bilan yuzma-yuz» nomli yangi teleko‘rsatuv efirga uzatildi.

Ushbu teleko‘rsatuv prokuratura organlarining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, tadbirkorlik sub'yektlarining huquq va qonuniy manfaatlari himoyasiga oid qonunlar ijrosini ta'minlash borasidagi faoliyati, qonunchilik ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan tekshirishlar va jinoyat ishlari tergovi natijalarini yoritishga bag‘ishlangan.

Bundan tashqari, 2017 yil 29 iyul kuni Sirdaryo viloyat prokuraturasida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha viloyat idoralararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Komissiya a'zolari, boshqa idora va tashkilotlar rahbarlari, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 fevraldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori bilan tasdiqlangan 2017-2018 yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturida belgilangan tadbirlar ijrosini ta'minlash borasida amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida prokuratura, adliya, ichki ishlar organlari, “Mahalla” hayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamg‘armasi, hamda boshqa idora va tashkilotlar tomonidan 20 dan ortiq uchrashuv, seminar va davra suhbatlari o‘tkazilib, televideniye orqali chiqishlar amalga oshirilgan aytib o‘tildi.

Shu bilan birga, yig‘ilishda Davlat dasturi ijrosini ta'minlashda yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklar tanqid ostiga olinib, tegishli davlat organlari va tashkilot rahbarlarining tushuntirishlari eshitildi.

Tadbirda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish, aniqlash, chek qo‘yish, shuningdek korrupsiya holatlarini keltirib chiqarayotgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish borasidagi chora-tadbirlarning mutasaddi organlar tomonidan samarali va o‘z muddatida amalga oshirilishiga qaratilgan aniq vazifalar belgilab olindi.

Yig‘ilish yakunida idoralararo komissiya faoliyatini yanada samarali tashkil etishga qaratilgan qarorlar qabul qilindi.

Top