22:15 / 08.08.2017
6456

Volkswagen eski mashinani topshirib, chegirma olishni taklif qilmoqda

Volkswagen Germaniyada dizel dvigatellarga ega eski avtomobil modellari uchun trade-in dasturini yo‘lga qo‘ydi. Unga ko‘ra, avtomobil egalari yangi mashina sotib olishda 10 ming yevrogacha chegirma olishlari mumkin.

Kompaniya xabarida aytilishicha, dastur doirasida Yevro-1 dan Yevro-4 gacha ekogolik standartlarga javob beruvchi istalgan dizel mashinalarni topshirib, chegirma olish mumkin. Elektrokar, gibrid avtomobil yoki gazda ishlovchi avtomobil xarid qilmoqchi bo‘lganlarga 2,38 ming yevro miqdorida qo‘shimcha imtiyoz beriladi.

Misol uchun, Up! sitikari topshirilganda Volkswagen’ning yangi avtomobiliga chegirma 2 ming yevroni, Touareg yo‘ltanlamasida esa ishlab chiqarilgan yiliga ko‘ra 10 ming dollargachani tashkil qiladi.

Audi markasidagi avtomobillar uchun chegirmalar 3 mingdan 10 ming yevrogachani, Porsche’ning Cayenne va Panamera modellari uchun 5 ming yevroni tashkil qiladi.  

"Ekologik dastur evaziga kompaniya shaharlardagi havo sifatining oshishiga salmoqli hissa qo‘shadi. Shu bilan birga Volkswagen elektromobillarga texnologik o‘tishni qo‘llab-quvvatlaydi", deb aytilgan xabarda. 

Yevropada dizel dvigatelli avtomobillarga talab zararli chiqindilar ko‘rsatkichlarini ataylab kamaytirgan Volkswagen va boshqa kompaniyalar bilan bog‘liq mojarodan keyin kamaymoqda. Germaniyaning ba'zi shaharlarida hattoki dizel mashinalarni to‘liq taqiqlash muhokama qilinmoqda.  

Top