15:32 / 09.08.2017
12210

Bojxona qo‘mitasi diniy ekstremizm, terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan “Bojxona organlari tomonidan diniy ekstremizm, terrorizm va uyushgan jinoyatchilikning boshqa shakllariga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan tashkiliy-amaliy chora-tadbirlar” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. Anjumanda jurnalistlarga mavzu yuzasidan Davlat bojxona qo‘mitasi Raisi o‘rinbosari G.Shukurov axborot berdi.

Ta'kidlash joizki, ushbu masala 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturida ham o‘z ifodasini topgan. Dasturda Jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimini takomillashtirish borasida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar qatorida bojxona organlariga ham diniy ekstremizm, terrorizm va uyushgan jinoyatchilikning boshqa shakllariga qarshi kurashish bo‘yicha tashkiliy-amaliy chora-tadbirlarni kuchaytirish yuklatilgan.

Xalqaro maydonda turli ekstremistik va terroristik tashkilotlar tomonidan dunyo aholisiga qarshi amalga oshirilayotgan xunrezliklar, o‘zlarini saflarini to‘ldirish maqsadida fuqarolar, ayniqsa, yoshlar orasida o‘zlarining g‘oyalarini targ‘ib etishga bo‘lgan urinishlar juda faol olib borilmoqda. Shundan kelib chiqib, bojxona organlari tomonidan mamlakat bojxona chegaralari orqali diniy ekstremizm, terrorizm va boshqa turdagi ta'qiqlangan materiallarni kirib kelishiga qarshi kurashish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda O‘zbekiston Musulmonlar idoralari bilan o‘zaro yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, bojxona xodimlarining mazkur yo‘nalishdagi bilim malakasini oshirish maqsadida Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi bilan hamkorlikda joriy yilning 3-5 iyul kunlari Toshkent Islom universitetida 32 nafar bojxona xodimlari ishtirokida seminar trening o‘tkazilib, sohada erishilgan yutuqlar hamda kelgusida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar yuzasidan o‘zaro fikrlar almashildi.

Bundan tashqari, Oliy harbiy bojxona institutida chegara bojxona postlari hamda xalqaro aeroportlarda xizmat qilayotgan bojxona xodimlari uchun diniy ekstremizm, terrorizm va boshqa ta'qiqlangan materiallarning bojxona chegaralari orqali olib o‘tilishiga qarshi kurashish borasida bir qator malaka oshirish kurslari tashkil etilmoqda.

Tadbirda jurnalistlarga diniy mazmundagi materiallarni respublikaga olib kirishning amaldagi tartiblari haqida ma'lumotlar berildi. O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida” gi Qonunning 19-moddasiga muvofiq, chet elda nashr etilgan diniy adabiyotlarni olib kelish va tarqatish, ularning mazmuni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazilganidan keyingina amalga oshiriladi.

Bunday adabiyotlarni olib kelish, sotish va tarqatishga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi. Ushbu turdagi faoliyat Vazirlar Mahkamasining “Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish sohasidagi faoliyatni amalga oshirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2014 yil 20 yanvardagi 10-sonli qaroriga muvofiq tartibga solinadi.

Tadbirda mavzuga doir statistik raqamlar va aniq misollarga to‘xtalib o‘tildi. Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan mazkur yo‘nalishda amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 2017 yilning o‘tgan 7 oyi davomida 339 ta holatda 14 mingdan ortiq diniy ekstremistik, aqidaparastlik va boshqa diniy mazmundagi materiallarning bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda olib o‘tilishi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar aniqlandi.

Bu yo‘nalishda aholi orasida keng miqyosda olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqot hamda profilaktik chora-tadbirlar samarasi o‘laroq, ushbu yo‘nalishdagi huquqbuzarliklar hamda daliliy ashyo tariqasida ushlab qolingan materiallar soni bo‘yicha ko‘rsatkichlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1 barobar kamayishiga erishildi.

Top