03:18 / 10.08.2017
18985

Xitoy uchun og‘ir kun: ikki kuchli zilzila va yuzlab jabrlanganlar

So‘nggi sutkada 12 soat farqi bilan ikki kuchli yer silkinishi Xitoyning g‘arbiy hududlarini larzaga soldi, tabiiy ofat natijasida 19 kishi qurbon bo‘ldi, 300 dan ziyod kishi jabrlangan.

Magnitudasi 7 ballga teng bo‘lgan birinchi zilzila seshanba kuni tunda Sichuan provinsiyasining Ngava Tibet va Tsyang avtonom prefekturasi Juichjaygou milliy parkining sayyohlarning sevimli go‘shasida sodir bo‘lgan. Aynan ko‘plab insonlarning bir joyda to‘planganligi va atrofning tog‘lar bilan o‘ralganligi 19 kishining qurbon bo‘lishi va 300 dan insonning jabrlanishiga sabab bo‘lgan.

Odamlar zilziladan so‘ng ko‘chalarda tunashmoqda.
Foto: © REUTERS / Stringer

6,6 magnitudali ikkinchi zilzila chorshanba kuni ertalab Shinjong-Uyg‘ur avtonom rayonining Bo‘rtala-Mo‘g‘ul avtonom prefekturasida sodir bo‘lgan. Qaytalagan kuchli aftershoklarga qaramasdan, bu hududlarda aholi zichligi past bo‘lganligi sababli qurbonlar ro‘y bermagan. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, jabrlanganlar soni 34 kishiga yetgan.

 

Sichuandagi fojia

Sichuan provinsiyasi zilzila va suv toshqini kabi tabiiy ofatlarga mudom mubtalo bo‘lib keladi. Bu yerda eng yirik fojia 2008 yilning mayida ro‘y bergan edi. O‘shanda 7,9 magnitudali zilzila 80 ming kishining yostig‘ini quritgan.

Seshanba kuni yuz bergan asosiy yer silkinishidan so‘ng 1,3 mingta aftershok ro‘y bergan va bu zilzilalar ham juz'iy vayronagarchiliklar keltirib chiqargan. Xitoy hukumati hozircha talofat miqdorini ma'lum qilganicha yo‘q, lekin televizion kadrlardan ko‘rinishicha, yetkazilgan zarar juda ulkan.

Shu paytgacha ma'lum bo‘lgani shuki, Xitoy rivojlantirish va islohotlar davlat qo‘mitasi vayronagarchiliklarni bartaraf etish va tiklash ishlariga markaziy byudjyetdan 60 million yuan (8,9 million dollar), moliya vazirligi esa jabrlanganlarga tovon puli to‘lash uchun 100 million yuan (14,9 million dollar) ajratgan.

 

Qutqaruv operatsiyasi

Tosh uyumlari, ag‘nagan daraxtlar, pachoq bo‘lgan mashinalar, vayron bo‘lgan binolar va to‘siqlar, maydon va ko‘chalardagi vahima bosgan odamlar, zambillardagi yaradorlar, to‘lib toshgan shifoxonalar — ijtimoiy tarmoqlardagi fotosuratlardan shu manzara ayon bo‘lmoqda.

Hukumat keng ko‘lamli qidiruv-qutqaruv operatsiyasini boshlagan, unga tog‘li hududning relefi, yirik tosh uyumlari va silkinishlarning takrorlanish ehtimoli xalaqit bermoqda.

Tabiiy ofat oqibatlarining bartaraf etish va qidiruv ishlarida nafaqat qutqaruvchilar va shifokorlar ishlashmoqda. Xitoy xalq ozodlik armiyasi 1285 nafar harbiy, 90 ta transport vositasi va 9 ta samolyotni tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun jalb qildi. Shuningdek, voqea yuz bergan joylarda XXRning qurollangan politsiyasi 1,3 ming vakili, 2 mingdan ziyod o‘t o‘chiruvchi va 40 dan ziyod it ishlamoqda.

 

Turizm uchun noqulay vaqt

Juijaygou milliy parki provinsiyaning eng mashhur go‘shasi sanaladi va u YuNeSKO butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Bu yerga yiliga yuz minglab sayyoh tashrif buyuradi, seshanba kuni parkda 35 ming turist bo‘lgan.

Juijaygou yetib borish qiyin bo‘lgan tog‘li joyda joylashganligi sababli turistlar tunda park yaqinidagi mehmonxonalarda tunashni afzal bilishadi, aynan shu sababli keng ko‘lamli evakuatsiya ishlari olib borilgan.

Hukumat tabiiy ofat yopirilgan hududlardan 60 mingga yaqin turistni evakuatsiya qilgan, mamlakat bo‘ylab barcha sayyohlik agentliklari turlarning ommaviy bekor qilinishi va yaqin sanalarga mehmonxonalarni bron qilish to‘xtatilganini ma'lum qilishmoqda.

Xitoy tashqi ishlar vaziri jabrlanganlar orasida bir necha nafar xorijiy fuqarolar borligini ma'lum qilib, ularning fuqaroligiga aniqlik kiritmagan. Sinxua agentligi jabrlanganlar orasida Fransiya va Kanada fuqarolari borligini ma'lum qilgan.

Evakuatsiya qilinishni kutayotgan sayyohlar uchun bir nechta palatkali lagerlar barpo etilgan, ularga odeyol, oziq-ovqat, suv va zarur narsalar berilmoqda.

Mavzuga oid
Top