18:06 / 10.08.2017
14725

Qanday qilib mehnat ta'tilini karera foydasiga yo‘naltirish mumkin?

"Mehnat ta'tilida ishdan to‘liq dam oling, ishchi pochtangizni o‘qimang va hatto ijtimoiy tarmoqlarga ham kirmang - bugungi kunda to‘g‘ri hordiq chiqarish borasida shunday tavsiyalar beriladi. Faqat bu mukammal vaqt kelishidan avval barcha ishlarni ikki hafta oldinga mo‘ljallab tugallashingiz, keyin esa ishga qaytib, dunyoning barcha tashvishlarini his qilishingizga to‘g‘ri keladi.  Sizlarda qanday bilmadimu, lekin menga bunaqasi ketmaydi, chunki men ishimga burch sifatida qaramayman, mening ishim - hayotimning bir qismi va undan hatto mehnat ta'tili davrida ham to‘liq voz kechishga tayyor emasman". Forbes Gil Petersilning shu mavzudagi maqolasi bilan bo‘lishdi.

Bu mehmonxona nomerida hammadan bekinib olib, kompyuterga "sho‘ng‘ish" va hech kim bilan gaplashmaslikni bildirmaydi. Asosiysi, me'yor - mehnat ta'tilida berilgan vaqtdan unumli foydalanish muhim. Faqatgina shoshilinch xatlar va muhim qo‘ng‘iroqlarga javob berish, qolganiga chalg‘imaslik, chunki mehnat ta'tili ishchi kunlari vaqt topilmaydigan narsalarga vaqt topish imkonini beradi. Gap kelajak va karera haqida o‘ylab olish to‘g‘risida. Kuniga bir soat vaqtingizni shu haqidagi o‘ylarga ajrating, qolgan vaqt esa yangi taassurotlar, uyqu va yaqinlar bilan muloqotdan zavq oling. Kuniga atigi 60 daqiqa! Bu daqiqalarni nimalarga sarflash mumkin?

O‘zingiz erishishni istagan maqsadlar haqida o‘ylash

Kelgusi oy uchun uch maqsadni shakllantiring, keyingi uch oyga yana uch maqsad va yil oxiriga qadar yana uch maqsad. Deylik, ozishni maqsad qildingiz, shunday yozing. mashinangizni o‘zgartirmoqchisiz, buni ham yozib qo‘ying. Yangi ishmi - dadil ro‘yxatga kiriting. Maqsadlaringiz hayotingizning barcha jabhalarini qamrab olsin. Buni mashq qilish, bir qaraganda, osondek tuyulishi mumkin, aslida esa siz bunga butun mehnat ta'tilingizni sarflashingiz mumkin. Agar maqsadlarni shakllantirib bo‘lgan bo‘lsangiz - yo‘lning yarmini bosib o‘tgan bo‘lasiz. Keyingi qadam - o‘z maqsadlaringiz haqida boshqalarga ham so‘zlashni boshlang. Shunda bir o‘q bilan ikki quyon nishonga olinadi: birinchidan, ortga yo‘l bo‘lmaydi, siz ularni albatta amalga oshirishingiz kerak bo‘ladi, ikkinchidan, bu yo‘lda atrofdagilar sizga yordam berishi mumkin.

Karera bo‘yicha maslahat beruvchi professional bilan uchrashing

Hatto ishingizni o‘zgartirishni rejalashtirmagan bo‘lsangiz ham, shunday yo‘l tuting. Maslahat beruvchi bilan shaxsan ko‘rishishingiz shart emas, internetdan foydalanish mumkin. Qator savollar va ularga olingan javoblar orqali mutaxassis sizning profilingizni yaratadi, kuchli va zaif tomonlaringizni aniqlaydi, bugungi kunda sizning mutaxassis sifatidagi holatingizni va karerangizni rivojlantirish bo‘yicha imkoniyatlaringizni ko‘rsatib beradi. Biz ba'zan o‘zimizni bebaho ishchi deb o‘ylab qolamiz: eshikdan chiqishimiz bilan salohiyatli ish beruvchilar navbat poylab turadigandek tuyuladi. Aytaylik, "riteyl"dan IT sohasiga o‘tish biz uchun hech gapmas. Biroq, asl vaziyat nafaqat sizni osmondan yerga qaytaradi, balki sizning kerakli natijaga erishishingiz uchun to‘g‘ri yo‘l tanlashingizga ham imkon beradi.

Foydali kitoblar mutolaa qiling

Mehnat ta'tilida ko‘pchilik shundoq ham kitob o‘qiydi, shunday ekan, foydali - aynan ishingizda qo‘l keladigan kitoblarni mutolaa qiling. Tor doira bilan cheklanish shart emas. Masalan, siz rekrutersiz va marketing departamentida ishlaysiz, u holda marketing haqidagi yangi kitoblarni o‘qing. Shunda buyurtmachilar va nomzodlar bilan suhbatlashish uchun mavzu topiladi, siz bu sohada yaxshi bilimga ega ekaningizni namoyon etasiz. Agar kompaniyada yuqori lavozimda ishlasangiz, u holda psixologiya yoki "o‘zgarishlar menejmenti" mavzusi sizni qiziqtirib qolishi mumkin.

Shaxsiy blogingizni yuritishni boshlang

Bu shaxsiy brendni rivojlantirishning ajoyib yo‘lidir. Siz o‘z ekspertizangiz darajasini ko‘rsatasiz va agar blogingiz qiziqarli bo‘lsa, professional doiralarda mashhurlikka erishasiz, jurnalistlar sizga qiziqish bildirishadi, hamkasblar maslahat so‘rab kela boshlashadi, sizni biznes-tadbirlarda qatnashishga taklif qilishadi. Bu yo‘l tezkor emas, lekin ishonchli. Masalan, men odatiy ishchi rejimda maqola yoza olmayman. Uchrashuv va tadbirlar haddan tashqari ko‘p. Yo‘lga chiqqanimda esa, miyam kundalik ishlardan ozod  bo‘ladi va men asosiy e'tiborni matnga qarataman.

Yangi narslarni o‘rganing

Biror fundamental kursni tanlash shart emas. Vaqtni samarali boshqarish bo‘yicha qisqa onlayn kursni o‘tang. Sizlarni ishontirib aytamanki, hatto o‘zingizni maksimal darajada samarali ishchi deb hisoblasangiz ham, yanada samarali ishlashga doir g‘oyalar keladi. Sizlarga shaxsiy mablag‘laringizni boshqarish bo‘yicha kursga yozilishni tavsiya qilaman. Idorada yillik byudjyet fayllarini osonlikcha uddalaymiz, shaxsiy moliyaviy rejalarga kelganda esa - vaqt yo‘q. Aniq rejalar asosida maqsadlarga tezroq erishish mumkin.

Xorijiy tillardan birini o‘rganishni boshlang

Masalan, mehnat ta'tilida Italiyaga otlandingiz, sayohatga qadar til o‘rganish - ko‘pchilik uchun qiyin. Italyan tilini o‘rganish uchun telefonga til o‘rganish bo‘yicha boshlang‘ich audio-kursni yuklab oling. Shunchaki ko‘chadagi odamlarni eshiting, o‘zingiz ham shu tilda so‘zlashga harakat qiling.

Odamlar bilan muloqot qiling

Nihoyat, idoradan va odatiy muloqot doirasidan uzoqlashdingiz! Bu vaqtni yangi odamlar bilan tanishishga sarflang. Agar boshqa shaharga ko‘chib o‘tish haqida orzu qilsangiz, mehnat ta'tilida o‘sha yerga boring. U yerda bir necha mahalliy biznes va netvorking-tadbirlarga borib ko‘ring, o‘zingizga kerakli kishilar bilan tanishing. Bu sizning ko‘chishingiz va ish topishingizni yengillashtiradi. Insonlar bilan muloqot qilib, yangi g‘oyalarga ega bo‘lasiz, ular asosida esa yangi biznes qurish mumkin bo‘ladi. Mehnat ta'tilida taassurotlar va hikoyalar yig‘ilib qoladi, qaytganingizdan so‘ng idorada so‘zlab berishga mavzu topiladi.

Mehnat ta'tilingizdan to‘laqonli foydalaning va unutmang, eng muhimi - dam olish, oila davrasida, yaqinlar bilan vaqt o‘tkazish, karerani davom ettirish uchun kuch to‘plash.

Mavzuga oid
Top