15:25 / 10.08.2017
11435

Poyezdlar kechikishi bilan bog‘liq holatlarga izoh berildi

9 avgust kuni Xalqaro Press-klubning «O‘zbekiston temir yo‘llari: yangi loyihalar va zamonaviy xizmat» mavzusiga bag‘ishlangan navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Anjumanida «Kun» muxbiri «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati vakillariga quyidagi savollar bilan murojaat qildi: 

«Chiptalar narxlari nega qimmat? Kelgusidagi rejalarga chiptalar narxini arzonlashtirish kiritilganmi? Sababi, sotilayotgan chiptalar narxining aholi daromadi bilan mutanosib emasligini kuzatamiz.

Ikkinchi savol: Nima uchun poyezdlar kechikib kelishi holatlari kuzatilmoqda? Ushbu masalalar yuzasidan qandaydir chora-tadbirlar ko‘rilmoqdami?».

Mazkur savollarga «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ sotuvlar va servis xizmatlari bo‘yicha rahbari Dilmurod Nig‘monov javob berdi: 

«Vokzallarda chipta narxlari ancha yillardan beri o‘zgarmay kelmoqda. Chipta narxlari davlatlar o‘rtasidagi kelishuvlarga binoan belgilanadi. Joriy yilning aprel-mart oyidan boshlab Moliya vazirligi tomonidan mahalliy yo‘nalishlardagi chiptalarga ma'lum bir chegirmalar berib borish vazifasi yuklatilgan edi. Yilning oxirigacha 15-16-17 foiz chegirmalar bilan chiptalar sotib borish maqsad qilib belgilangan». 

Dilmurod Nig‘monovning so‘zlariga ko‘ra, poyezdlarning kechikishi holati ma'lum texnik sabablar asosida sodir bo‘ladi. Ayrim hollarda faqatgina yo‘lovchilarning xavfsizligini ko‘zlagan holda poyezdlarni kechroq qo‘yib yuborishga to‘g‘ri keladi. 

«Agarda biz poyezdlar o‘z vaqtida yetib borsin deb, texnik sozlanishlarini tekshirmay, qo‘yib yuborsak, fuqarolar salomatligiga xavf solishimiz, jinoyatga qo‘l urgan bo‘lib chiqishimiz mumkin. Yo‘lovchilarning 5-10 daqiqa kech borsa ham, o‘z manziliga sog‘, omon yetib olishi biz uchun muhim», deya qo‘shimcha qilgan Nig‘monov.

Top