14:34 / 11.08.2017
12016

2016 yil kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yil deb topildi

Foto: MyTashkent

Tadqiqotchilar ma'lumotlariga ko‘ra, 2016 yil 137 yillik kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yil deb topildi. AQSh Okean va atmosferalar tadqiqoti milliy ma'muriyati (NOAA)ning hisobotida shu haqida ma'lum qilindi. 

Bunga qadar eng issiq yil 2015 yil deb hisoblangan. Hisobot mualliflarining bildirishicha, iqlim o‘zigarishiga doir ko‘rsatkichlarning aksariyati "isish tendensiyasiga amal qilish"da davom etmoqda, okean va yer sathi harorati, dengiz sathi va atmosferadagi issiqlik gazlari konsentratsiyasi darajasi esa 2015 yilgi rekordlarni ortda qoldirgan. 

O‘tgan yilgi natijalar uzoq muddatli global isish va El-Nino hodisasining birgalikdagi ta'siri bo‘lgan. 

Ta'kidlash joizki, hisobot ustida NOAA milliy markazlari olimlari bilan bir qatorda dunyoning 60 mamlakatidagi 450 dan ziyod mutaxassislar ish olib borishgan. 

2016 yilda atmosferadagi issiqlik gazlari konsentratsiyasi rekord darajaga yetgan - 402,9 million ulushi (ppm), bu bir yil avvalgidan 3,5 karra ko‘p demakdir. Bu 58 yildan buyon eng katta yillik o‘sishdir. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, 2016 yilda quruqlik va okean sathi harorati Tselsiy bo‘yicha 0,45 darajadan 0,56 darajagacha bo‘lgan. Dengiz sathi 82 mm'ga ko‘tarilgan va bu ko‘rsatkich 1993 yilda qayd qilingan rekordni yangilagan. 

Xalqaro olimlar guruhi 2100 yilga borib 350 million yevropalik xavfli iqlim sharoitlaridan aziyat chekadi, degan xulosaga kelgan. Ularga ko‘ra, ekstremal ob-havo natijasida yuzaga keladigan o‘lim holatlarining 99 foizi issiq harorat bilan bog‘liq bo‘ladi. 

Top