18:28 / 11.08.2017
11988

«Qishloq qurilish invest»ning firibgar xodimi qo‘lga olindi 

Ilhomboy Otajonov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ilgari ham firibgarlik bilan bog‘liq jinoyat sodir qilgan. O‘shanda unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi amnistiya akti asosida tugatilgan edi. Xalqimizda sutdan og‘zi kuygan, qatiqni ham puflab ichadi, degan maqol bor. I.Otajonov esa o‘ziga berilgan imkoniyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarmay, yana eski «hunar»ini qo‘msab qoldi, deb yozadi «Huquq» gazetasi.

Ilhomboy 2014 yildan buyon «Qishloq qurilish invest» MChJ IKning Xorazm filiali «Birlamchi ruxsat beruvchi, loyiha va tanlov hujjatlarini tayyorlash» bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlardi. U zimmasidagi vazifalarni ado qilish jarayonida mijozlardan qanday qilib pul undirish haqida bosh qotira boshladi.

Qishloq joylarda namunali loyihalar asosida uy-joy qurish uchun o‘tkazilgan navbatdagi tenderda A.Saidov ham ishtirok etishga ahd qildi. U maslahat va ko‘mak so‘rab, I.Otajonovga murojaat qildi.

- O‘zim yordam beraman, - deb og‘iz ko‘pirtirdi Ilhomboy. – Hujjatlaringizni taxlab, g‘olib chiqishingizni ham ta'minlaymiz. Siz esa ko‘p emas, ozgina – bir yarim million so‘m taxlasangiz, kifoya.

A.Saidov uning gaplariga laqqa tushdi. «Ishim bitsa, bitaqolsin», deya shu kunning o‘zida Ilhomga 900 ming so‘m pul keltirib berdi. Oradan ko‘p o‘tmay yana 100 AQSh dollari berdi. Ammo tenderda g‘olib bo‘lmadi. Bu haqda Ilhomga aytgan edi, u turli bahonalarni ro‘kach qildi. A.Saidov u bilan pachakilashib o‘tirish befoydaligini tushundi va pulini qaytib berishni so‘radi. Otajonov «ana-mana» deya olgan pulini qaytib berishni paysalga sola boshladi. Oradan bir yildan ziyod vaqt o‘tdi. Oxiri A.Saidov huquqni muhofaza qiluvchi organlardan yordam so‘rashga majbur bo‘ldi. I.Otajonov firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan pulning bir qismini mijozga qaytarib berayotgan paytda qo‘lga olindi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va sud hukmi bilan tegishli jazoga tortildi.

Top