17:00 / 11.08.2017
20028

Shavkat Mirziyoyev Olmaliq shahrida qurilayotgan uylarni borib ko‘rdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 11 avgust kuni Olmaliq shahriga tashrif buyurdi. Prezident Olmaliq shahri markazidagi 5/2 massivida qurilayotgan 7 qavatli, 2 va 3 xonali turar-joy binolarini borib ko‘rdi, deb xabar berdi O‘zA.

O‘n besh yilga imtiyozli ipoteka krediti asosida beriladigan mazkur uy-joylarda ayni paytda pardozlash ishlari olib borilmoqda.

«Bu kabi uylar g‘ishtdan qurilayotgani har tomonlama foydali. Qishda issiq, yozda salqin bo‘ladi. Bundan tashqari, tabiiy ta'sirlarga chidamli», — dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev mazkur uylarda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Mutasaddilarga qurilish ishlarini sifatli bajarish, inshootlarni o‘z vaqtida qurib bitkazish va topshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berdi.

Prezident Olmaliq shahri aholisi bilan muloqot qildi. Samimiy va ochiq o‘tgan suhbatda shahar faollari va yoshlar Shavkat Mirziyoyevga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, hayotning turli jabhalarida aniqlanayotgan dolzarb masala va muammolar tezkorlik bilan hal etilayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Top