19:19 / 13.08.2017
36817

«Barselona» – «Real»: O‘yin oldidan

Bugun Ispaniya va Italiyada Cuperkubok uchrashuvlari o‘tkaziladi.

Ispaniyada mavsum mamlakatning ikki yirik jamoalari to‘qnashuvi bilan boshlanadi. «Kamp Nou»da «Barselona» hamda «Real» o‘rtasidadagi «El-klassiko» bahsi Superkubok uchun o‘tkazilmoqda.

Madrid jamoasi mavsumdagi ilk sovringa ega chiqib bo‘ldi. Yevropa Superkubogi uchun o‘yinda Zidan shogirdlari «Manchester Yunayted»ni mag‘lub etishdi. «Barselona» ham «Shapekoense» darvozasiga 5 gol yo‘llab, Gamper kubogini qo‘lga kiritgan. 

Jamoalar mavsumoldi yig‘inlari doirasida AQShda o‘zaro uchrashgan va o‘shanda Kataloniya jamoasi g‘alaba qozongandi. Ammo o‘shanda  «Barselona»da Neymar bor edi, «Real»da Krishtianu Ronaldu yo‘q edi.

Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 14 avgustga o‘tar kechasi soat 01:00da boshlanadi. Javob uchrashuvi 17 avgustga o‘tar kechasi o‘tkaziladi.

Bu jamoalar o‘rtasidagi 236 El Klassiko bo‘ladi. Jamoalar 93 martadan g‘alaba qozonishgan, 49 uchrashuvda g‘olib aniqlanmagan.

Messi - Klassikolar tarixidagi eng yaxshi to‘purar (24ta goll). Keyingi o‘rinlarda Di Stefano (18) va Krishtianu (16).

Bu jamoalar keyingi 5 yilda ilk marta Superkubok bahsida maydonga tushmoqda. O‘tgan yili «Barselona» Superkubokka ega chiqqandi. O‘shanda «Sevilya» mag‘lubiyatga uchratilgandi.

Jamoalar mos ravishda 18 va 19 nafardan futbolchini qaydnomaga kiritgan:

«Barselona»: Ter Shtegen, Sillessen, Semedu, Pike, Maskerano, Alba, Din, Vidal, Umtiti, Rakitich, Buskets, Denis Suares, Roberto, Inesta, Luis Suares, Messi, Deulofeu, Alkaser.

«Real»: Keylor Navas, Kiko Kasilya, Luka Zidan, Marselo, Serxio Ramos, Varan, Karvaxal, Nacho, Teo Ernandes, Kazemiro, Kroos, Dani Sebalos, Marko Asensio, Kovachich, Ronaldu, Benzema, Isko, Garet Beyl, Lukas Vaskes.

Shuningdek, shu kechada Italiya A Seriyasida o‘tgan mavsum chempioni «Yuventus» va Italiya Kubogi finalchisi «Latsio» (rimliklar finalda Turin jamoasiga yutqazgandi) jamoalari Superkubok uchun maydonga tushadi. Bu ikki jamoa so‘nggi marta Kubok finali uchrashuvida to‘p surgan bo‘lib, unda Allegri shogirdlari 2:0 hisobida g‘alabaga erishgan. Superkubok o‘yini Rimdagi «Olimpiko» stadionida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 23:45da boshlanadi.

Top