15:33 / 14.08.2017
12419

Samarqandda hujjatlarga soxta ma'lumotlar kiritish orqali juda ko‘p miqdordagi pulni cho‘ntakka urganlar ushlandi

To‘lqin o‘rtog‘i Azizbek bilan kelishib, sherikchilik asosida obektlarni qayta ta'mirlovchi mas'uliyati cheklangan jamiyati tashkil etdi. Azizbekni mazkur jamiyatning direktori vazifasiga rasmiylashtirdi. Amalda esa faoliyatni uning o‘zi boshqaradigan bo‘ldi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Asta-sekin ishlar yurisha boshladi. Ammo vaqt o‘tgani sayin ular kelayotgan daromadga qanoat qilmay qolishdi. Qing‘ir yo‘l bilan ko‘proq pul topishga, boylik orttirishga urinishdi. Shu maqsadda o‘zlari yashayotgan hududdagi kasb-hunar kollejlaridan biriga yo‘l olishdi. Kollej rahbariyati ularni ochiq chehra bilan qarshi oldi. Muassasa rahbariyatiga ikki o‘rtoqning taklifi moydek yoqib tushdi shekilli, hech biri “Baraka topgur, bu ish qonunga xilof, unday qilmaylik”, demadi. Aksincha, mehmonlarning rejasini qo‘llab-quvvatlashdi.

Xullas, ishga kirishdilar. Ammo kollej uchun kerakli xom ashyo, materiallar, butlovchi buyumlar, asbob-uskunalar, mebel, qurilish mollari va boshqa jihozlar xarid qilish bo‘yicha ishlovchi tanlov (tender) komissiyasi tashkil etilmadi.

Kollejning ustaxona binosi tom qismida 120 mln. 4 ming so‘mlik ta'mirlash ishlari bajarilishi yuzasidan tanlov e'lon qilingani, unda uchta qurilish korxonasi ishtirok etib, ikki uddaburon firmasining g‘olib chiqqanligi rasmiylashtirildi.

So‘ngra MChJ va kollej o‘rtasida ta'mirlash ishlarini amalga oshirish yuzasidan ikki tomonlama pudrat shartnomasi imzolandi. Hisob-fakturalarga soxta ma'lumotlar kiritilib, aslida bajarilmagan 45 mln. 395 ming so‘mlik ta'mirlash ishlari qo‘shib yozildi. Shu yo‘l bilan o‘zlashtirilgan pullar kelishilgan tarzda bo‘lib olindi. 

Ishtaha ovqat paytida keladi, deganlaridek, hali nafsi to‘ymagan shovvozlar yog‘li qo‘llarini darrov artishga shoshilishmadi. To‘rtta qog‘ozni qoralash ortidan shuncha pul olish yomonmi? Ko‘p o‘tmay kollejning sport zali va faollar zali tom qismi ham “ta'mirlandi”. Yana ikki tomonlama shartnoma tuzildi. Obektda 122 mln. 811 ming so‘mlik ta'mirlash ishlari bajarilgani to‘g‘risidagi hujjatlarga soxta ma'lumotlar kiritishdi. Unga ko‘ra, bajarilmagan 54 mln. 865 ming so‘mlik ta'mirlash ishlari qo‘shib yozilib, bu mablag‘ni ham cho‘ntaklariga urishdi.

Vaqti kelib ularning siri fosh bo‘ldi va tergov-surishtiruv ishlari boshlandi. “Uddaburonlar” qonun oldida javob berishdi. Yetkazilgan zararlarni ham to‘liq qoplashdi. 

Top