10:01 / 15.08.2017
21186

Biznes-ombudsmen tadbirkorga nima beradi? Oliy Majlis yig‘ilishi Kun.uz nigohida

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017 yil 5 may kuni imzolangan "O‘zR Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili institutini ta'sis etish to‘g‘risida"gi farmoni e'lon qilinganidan qariyb uch oy muddat o‘tib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari shu borasida qonun loyihasini qabul qilish arafasida turibdi.

14 avgust kuni deputatlar tomonidan ushbu qonunning ikkinchi o‘qilishi va kun tartibida boshqa masalalar ko‘rib chiqildi. Qonun loyihasini ishlab chiqqan deputatlar nomidan Milliy tiklanish fraksiya a'zosi Akmal Saidov ma'ruza matni bilan minbarga chiqdi.

Qonun loyihasida tadbirkorlik faoliyatini himoya etuvchi amaliy yechimlar mavjud

Kun.uz muxbiri ishtirok etgan yig‘ilishda deputatlar qonun loyihasidagi barcha moddalarni birma-bir ko‘rib chiqib, ovozga qo‘ydi. Loyihaning 5-moddasida ta'kidlanganidek, tadbirkorlarning haq-huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (soddaroq qilib Biznes Ombudsmen desak ham bo‘ladi) ilmiy, pedagogik va ijodiy faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin emas.

Shuningdek, 8-moddada vakil tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlar yuz bersa, tadbirkorni himoya qilish uchun chora-tadbirlar ko‘rishi belgilangan. Vakil qonun hujjatlarining aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi va shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risidagi xulosani davlat organlari va boshqa tashkilotlarning rahbarlariga kiritishi moddada yozilgan.

Inson huquqlari bo‘yicha Ombudsmendan farqli ravishda yangi lavozimdagi vakil tadbirkorlar tomonidan shikoyat, ariza va takliflarni ham qabul qilishi mumkin. Lekin Qonunchilik palatasi Spikeri amalda bu fuqarolar tomonidan taklif va arizalarni ham qabul qilib kelgan Ombudsmen vakolati qonunchilikka tuzatishlar kiritilishi bilan tez orada o‘zgarishini ta'kidlab o‘tdi.

Eng asosiy moddalarda nimalar deyiladi?

Avvalo, yangi tayinlanadigan vakil - Biznes Ombudsmen Prezident tomonidan tayinlanishi va lavozimidan ozod etilishi, faqat uning oldida hisobdor ekanligini aytsak, bu xodim o‘z ishiga chin dildan kirishsa, 210 mingdan ortiq tadbirkorlarning xaloskoriga aylanishi turgan gap. Bundan tashqari, iqtisodiy jinoyati uchun ayblanayotgan, mahkum va sudlanuvchi tadbirkor hamda vakilning aloqasini sifatli ravishda ta'minlash uchun barcha vakolatlar taqdim etilgan.

Shikoyat, ariza va takliflari bor ishbilarmonlarning huquqlari boshqa organlar tomonidan buzilgan yoxud chiqarilgan qarordan norozi holda vakilga murojaat etsa, bu turdagi munosabatlar ham ko‘rib chiqiladi.

Eng muhimi bunday tajriba chet elda samarali foyda bergan edi. Buyuk Britaniya Qirolligi soliq va bojxona tarkibidagi "adyudikator", Fransiya Iqtisodiyot va Moliya vazirliklari joriy etilgan "Ombudsmen", Gruziya Bosh vazir tomonidan tayinlanadigan "Biznes-Ombudsmen"lar mamlakat ishbilarmonlarining erkin faoliyati uchun katta imkoniyatlar eshigini ochib beradi.

Deputatlar qanday faoliyat olib boradi?

Ochig‘ini aytganda, bu manzara ko‘pchilikni qoniqtirmaydi. Spikerning giperfaolligi ostida ayrim qonun ijodkorlari nofaol turg‘un o‘tirishi odamning g‘ashiga tegadi. Masalan, muhokamaga qo‘yilgan qonun loyihalari yuzasidan fikr bildirgan Xayrullo Ro‘zimetovga nisbatan Spiker janoblarining o‘zi javob berib qo‘ya qoldi. U qayta so‘rashga jur'at etgan payt, kinoya bilan qabul qilindi. Bu holat juda ko‘p marta kuzatilib, Qonunchilik Palatasi Spikeri bir o‘zi majlisni yuritib, hukmini o‘tkazayotgandek tuyuldi. Ayniqsa "Bolalarni sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotlardan ularni himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun loyihasining nomi uzoq bahsga sabab bo‘ldi. "Bolalarningmi, Bolalarnimi? Shunday bo‘lsa kimni himoya qilish degan savol tug‘ilmaydimi?".

Kuzatib turgan kishining hafsalasi pir bo‘lmasin, mayda va mujmal savollarga chiroyli javob bera oladigan deputatlar yaxshi takliflarni bildirdi. Ammo Spikerga yoqmadi shekilli, "bularni domashka qilib" berdi.

Ijtimoiy tarmoqda mashhur bo‘lib ketgan, ko‘zini qisgan deputat esingizdami? Qarshi saylov okrugidan saylangan deputat ayol parlament faoliyatida unchalik ko‘zga tashlanmas ekan. Deyarli jim o‘tirgan deputat, garchi kun tartibidagi Yoshlar kunini bayram qilish haqidagi loyihani tanishtirgan bo‘lsa ham, qolgan payt mum tishlab o‘tirdi. Sanoqli fidokor Palata a'zolari, ayniqsa Eko harakat deputatlari jonbozlik ko‘rsatishdi.

Qiziqarli holat shundaki, 10dan ortiq odam loyihalarga munosabat bildirish chog‘i rad etish tugmasini bosmadi. Tepada turib ayrim deputatlarning yashil tugmadan qo‘lini uzmay keyin munosabat vaqtini kutib, sabrsiz bo‘layotganiga guvoh bo‘lishingiz mumkin. Parlamentda lotin grafikasiga asoslangan o‘zbek tilida ish yuritilmasligi, tabloda yozuvlar ham rus va kiril alifbosidagi o‘zbek tilida porlashi ham haligacha lotin yozuvi nega keng foydalanilmay kelinganiga qisman javob bera oladi...

Alisher Ro‘zioxunov

Top