07:28 / 16.08.2017
3992

AQShda Tramp tvitlari to‘plami sotuvga chiqarildi

Foto: EPA

AQSh prezidenti Donald Trampning karikaturachi Shennon Uiller suratlari bilan bezalgan tvitlari to‘plami 15 avgustda AQShda sotuvga chiqdi.

Sh*t My President Says: The Illustrated Tweets of Donald J. Trump deb nomlangan to‘plamga annotatsiyada shunday deyilgan: “Franklin Delano Ruzveltda (AQShning 32-prezidenti) radio, Jon Kennedida (AQShning 35-prezidenti) televideniye bo‘lgan, Trampda esa Twitter bor. Karikaturachi, Eyzner mukofoti sovrindori Shennon Uiller o‘z fikrlarini 140 ta belgi bilan tushuntiruvchi prezidentni bo‘laklarga ajratmoqda”, deb yozilgan.

To‘plam muallifining fikricha, Tramp tvitlari AQShning 45-prezidenti xarakterini tushunish va uning o‘ziga xos jihatlarini tushunishga imkon beradi. “Men Trampning 30 mingdan ko‘proq tvitini o‘qib chiqdim. 10 minginchi tvitni o‘qiganimdan keyin yomon tushlar ko‘ra boshladim. Tafsilotlarga berilib o‘tirmayman, biroq mening pudingga ishtiyoqim yo‘qoldi va shifokorlar hayoti haqida so‘zlovchi britan seriallarini ko‘rishni to‘xtatdim”, deb aytgan Uiller.

“Men nafaqat Trampni taqlid qilmoqchiman, balki uning qarashlari, bu qarashlar uning tarafdorlari istaklari bilan qanchalik mos kelishini tushunmoqchiman. Uning so‘zlari yordamida u o‘z-o‘ziga qanchalik zid ekanligini ko‘rsatmoqchiman va o‘quvchini ishlarning haqiqiy ahvoli borasida shubhalanishga majbur qilmoqchiman. Shuning uchun men uni ertakdagi devqomat odamxo‘r ko‘rinishida emas, balki injiq, noto‘g‘ri anglaniluvchi, o‘zi bilan ovora, o‘ziga bino qo‘ygan, o‘zini yaxshi ko‘ruvchi va taltaygan yosh bola ko‘rinishida tasvirlaganman”, deb tushuntirgan karikaturachi. 

Tramp o‘z tarafdorlari bilan muloqot qilish va axborot vositasi sifatida ijtimoiy tarmoqlarga katta e'tibor qaratadi. U avvalroq ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘z fikrlarini ommaga yetkazish imkoniyatisiz u hech qachon AQSh prezidenti bo‘la olmagan bo‘lishi haqidagi fikrni bildirgan. Tramp tomonidan tvitterda chop etiluvchi xabarlar tez-tez tanqidga uchrab turadi. Uni tvitterning eng taniqli foydalanuvchilaridan deb hisoblash mumkin. Uning tvitterda 2009 yil mart oyida yaratilgan sahifasiga 35 mln kishi obuna bo‘lgan va unda 35 mingdan ko‘proq xabar chop etilgan. Tramp bu maydon unga amerikaliklar bilan byurokratlar va yetakchi OAVsiz muloqot qilish imkonini berishini aytgan. 

Mavzuga oid
Top