15:10 / 16.08.2017
15602

IUT tayyorlov kurslari tinglovchilari – 5 daqiqasi kam talaba!

Xabaringiz bor, 2017 yilning 1 avgustdan 20 avgust kuniga qadar Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT)ning Uzluksiz ta'lim markazi bo‘lajak abituriyentlar hamda o‘z bilimini yaxshilab olishni xohlovchilar uchun matematika, fizika va ingliz tili bo‘yicha o‘quv kurslariga onlayn ro‘yxatga olmoqda.

Mazkur o‘quv kurslarida kasb-hunar kollejlari, akademik litseylari hamda umumta'lim maktablarining o‘quvchilari matematika, fizika va ingliz tili fanlari bo‘yicha o‘z bilimlarini oshirish hamda Toshkent shahridagi Inha universiteti va boshqa oliy o‘quv yurtlariga bo‘ladigan kirish imtihonlariga tayyorlanish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

O‘quv kurslaridan ko‘zlangan asosiy maqsad – yoshlar o‘rtasida matematika va fizika fanlariga bo‘lgan qiziqishni oshirish, mazkur fanlarga iqtidori bor bo‘lgan o‘g‘il-qizlarni kashf etish hamda bu fanlarni chuqurroq o‘rganish uchun zarur sharoitlarni yaratib berishdir.

Tayyorlov kurslarida o‘qish uchun quyidagi talablarni bajarish lozim:

3,5 ga 4,5 sm. hajmidagi rasm,
pasport nusxasi,
kasb-hunar kollejlari, akademik litseylarining diplomlari hamda umumta'lim maktablarining attestatlari,
bular bo‘lmagan taqdirda o‘qish joyidan ma'lumotnoma.

Maxsus onlayn shaklga bo‘lgan havola Toshkent shahridagi Inha universitetining saytida 2017 yilning 1 avgust kuni e'lon qilingan. 22-24 avgust kunlari qabul testlari o‘tkaziladi, ulardan muvaffaqiyatli o‘tgan yoshlar 2017 yilning sentabr oyida o‘qishni boshlashadi.

Yoshlar o‘z xohishlariga ko‘ra bir yoki ikki akademik yil davom etadigan kurslarni tanlashlari mumkin. Har bir akademik yil uch trimestrga bo‘linadi, har bir trimestr uch oy davom etadi. Har bir semestr yakunida tinglovchilar majburiy tarzda imtihon topshirishadi va faqatgina imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan tinglovchilar tayyorlov kurslaridagi o‘qishlarini davom ettirishadi.

Toshkent shahridagi Inha universitetiga kirishni niyat qilgan abituriyentlar uchun ta'limning tanlangan yo‘nalishi bo‘yicha majburiy va ixtiyoriy fanlar mavjud. Masalan, agarda abituriyent «Kompyuter va dasturiy injiniring» fakultetiga kirmoqchi bo‘lsa, u matematika va fizika fanlarini tanlashi zarur, «Logistika» fakulteti uchun esa - matematika va ingliz tili.

Universitetning Tayyorlov kurslari tinglovchilari qator imtiyozlarga ega bo‘lishadi. Faqatgina Toshkent shahridagi Inha universiteti Tayyorlov kurslarining tinglovchilari mazkur universitetga kirish imtihonlarini topshirmasdan turib talaba bo‘lishlari mumkin.

Kurs yakunlari bo‘yicha tinglovchilar yakuniy imtihonlarni topshiradilar, hamda 60 foizdan yuqori ball to‘plagan va eng yaxshi tinglovchilarning dastlabki 30 foizi qatoridan o‘rin egallagan tinglovchilar Toshkent shahridagi Inha universitetining talabasiga aylanadilar. Bunda qayd etish lozimki, kasb-hunar kollejlari hamda akademik litseylarining birinchi va ikkinchi bosqich o‘quvchilari, umumta'lim maktablarning 10-sinf o‘quvchilari hali o‘quv yurtini tamomlamay turib, yakuniy imtihon natijalariga ko‘ra universitet talabalari bo‘lishlari mumkin. Faqatgina bu talabalar litsey, kollej yoki maktabni bitirib, diplom va attestet olganlaridan so‘ng universitetga qabul qilinadilar.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yilning 20 iyun kuni Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) Uzluksiz ta'lim markazi Tayyorlov kursi tinglovchilari o‘rtasida yakuniy imtihon o‘tkazildi. Imtihon natijalariga ko‘ra 34 nafar tinglovchilar Toshkent shahridagi Inha universitetining “Kompyuter va dasturiy injiniring” fakultetiga hamda 8 nafar tinglovchilar “Logistika” fakultetiga o‘qishga qabul qilindilar.

Bunda 5 nafar tinglovchilar kasb-hunar kollejlari yoki akademik litseylarning o‘quvchilari hisoblanadi. Ular kollej yoki litseydagi o‘qishlarini tamomlaganlaridan so‘ng, Toshkent shahridagi Inha universitetiga imtihonsiz qabul qilinadilar. Ular shuningdek, universitetning kirish imtihonlarida qatnashib, grant o‘rinlar uchun kurashish huquqini ham qo‘lga kiritdilar.

Qayd etamiz, 2016 yili IUT ning Uzluksiz ta'lim markazi tayyorlov kurslarining 82 foiz tinglovchilari yakuniy imtihon natijalariga ko‘ra talaba bo‘lishdi. Bunda 61 foiz tinglovchilar IUT ga o‘qishga kirishdi. Toshkent shahridagi Inha universitetining Uzluksiz ta'lim markazi bu yil mazkur ko‘rsatkichning yuqori bo‘lishiga umid qilmoqda. Nima ham derdik: IUT Tayyorlov kurslari tinglovchilari 5 daqiqasi kam talaba!

Top