10:17 / 16.08.2017
11182

“Yuqorining vakili”

Xalq ta'limi muassasalari faoliyatini metodik ta'minlash va tashkil etish tuman bo‘limi mudiriga notanish raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi, kimligini aytmagan odam quyuq so‘rashdi va o‘zini tanishtirgan bo‘ldi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

-  Men yuqori idorada ishlayman, hududingizga tegishli chekka qishloqda yashovchi Sanjar Pardayev (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) bizning vakil bo‘ladi. Chekka hududlardagi ahvoldan xabardor bo‘lish uchun shu joydagi maktabga joylab qo‘ying!

Mudir hayron bo‘ldi. Keyin o‘sha maktab direktoriga qo‘ng‘iroq qilib, bo‘sh ish o‘rni bor-yo‘qligini surishtirdi. Dars soatlar bor ekan. Ikki kun o‘tib uning qabuliga Sanjar Pardayevning o‘zi kirib keldi.

-  Men o‘sha aytilgan odamman.

Mudir hujjatlarini tekshirib ko‘rdi. “Hammasi joyida ekan, maktabda ish bor, direktorga uchrashing”, dedi.

Sanjar Pardayev sirli jilmaygancha maktabga ishga joylashdi. Topqirligidan quvondi. Firibgarlik yo‘li bilan buni amalga oshirdi. Kelajak egalari bo‘lgan bolakaylar undan dars ola boshladi.

Ko‘p o‘tmay firibgar yigitning ko‘ngli birovlardan pul undirishni tusab qoldi.

Qo‘shni qishloq mahalla fuqarolar yig‘ini kotibi Gulsanam Islomovaning telefon raqamini qo‘lga kiritgach, ishga kirishdi, ya'ni qo‘ng‘iroq qildi:

-  Men o‘sha yuqoridanman. Mahallangizda ishlaydigan xodimlarning hujjatlaridan nusxa tayyorlang, keyin ularni poytaxtga yuboramiz, “pochta” xarajatini ham bering, odam yuboraman, - dedi.

Ko‘ngli nimanidir sezgan mahalla kotibi bu haqda mahalla raisini ogohlantirdi. Rais esa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berdi.

Oradan uch kun o‘tib, boshqa raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi:

-  Opa, hujjatlar tayyormi, tayyor bo‘lsa, falon maktabda bizning vakilimiz bor, o‘shanga yetkazing.

Mahalla kotibi ikki guvoh bilan aytilgan maktabga bordi. Sanjar uni alohida sinf xonaga boshlab kirdi. Hujjatlarni ko‘rgan kishi bo‘ldi. Pulni olib cho‘ntagiga tiqdi. Shu payt kirib kelgan tezkor xodimlar uni jinoyat ustida qo‘lga olishdi.

Sud Sanjar Pardayevni aybdor deb topdi va unga nisbatan eng kam ish haqining 70 barobari miqdorida jarima jazosi tayinladi.

Mavzuga oid
Top