22:30 / 17.08.2017
31330

Bir kunlik to‘y bir umrlik azob keltirmasin!

Kechagi to‘yxonada bugun aza... Bunday noxush holatlarga juda ko‘p duch kelganman.

Mahallamizda aeroportda bog‘bon bo‘lib ishlaydigan bir kishi bor edi. Nuqul ertalab velosiped bilan shoshib ketar, kechqurun esa bir o‘ram o‘t bilan sudralib kelardi. «Erinmagan joniga balli», der edi odamlar. Qishin-yozin xuddi chumolilardek nimadir uyiga tashir, ro‘zg‘ori uchun tinim bilmay velosipedda yugurardi. Kimdir uning bu qadar zahmatiga achinsa, men uning halol mehnat bilan farzandlariga halol luqmani yedirayotganiga havas qilardim.

Kunlarning birida o‘sha bog‘bon to‘y boshladi. Qizini uzatdi. Qizini uzatdiyu ertasiga jonini Yaratganga «uzatdi». Har kim har nima dedi, biroq uning o‘limi sababi oddiy edi – o‘yning tashvishi, qarz va vahimada qolgan, qizining sharmanda bo‘lmasligi uchun bor-budini ayamay sarflab, oxiriga yetmasa yana qarz olib, uni to‘lashni o‘ylab yurak xurujidan vafot etdi. Oddiy savol tug‘iladi: bog‘bonning «qotili» kim yo nima?

Bu mavzuda yaqinda muhtaram Prezidentimiz O‘zbekistonning ijodkor ziyolilar vakillari bilan uchrashuvda kuyunib gapirdilar: «Mana, o‘zinglar ko‘ryapsizlar, soppa-sog‘ yurgan ayrim odamlar ellikka kirmasdan turib to‘satdan insult bo‘lyapti, infarkt bo‘lyapti. Sababini surishtirsangiz, boshqalardan qolmaslikka tirishib, katta to‘y qilaman, deb qarzga botgan bo‘ladi. Hali qarzidan qutulmasdan, yana to‘y qilishi kerak. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, to‘y-hashamlar bilan bog‘liq ortiqcha xarajatlar ming-minglab oilalarning nafaqat iqtisodiy ahvoliga, balki, butun hayotiga jiddiy salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda».

Aslida, ortiqcha dabdaba sabab yillar davomida ancha insonlarning umri qisqardi, sog‘lig‘ini yo‘qotdi, xonavayron bo‘lib qolganlar ham yo‘q emas. Achinarlisi, yana davlat rahbarining e'tibori va ma'naviy jasorat ko‘rsatib ta'kididan keyin bu borada murojaat qilayapmiz.

To‘g‘ri, avvalroq tuy-tantanalarni qisqartirish borasida minglab maqolalar yozildi, targ‘ibot –tashviqot olib borildi, dasturlar tayyorlandi, biroq jamiyat miqyosida konkret natijasi ko‘rinmadi. Yana bu mavzu ochiqligicha qolgan edi. Endi bu borada yana ko‘plab munosabatlar, nuqtai nazarlar, fikrlar, targ‘ibot-tashviqot ishlari boshlanadi. Ammo bu borada natija muhim. Shuning uchun to‘y-tantanalardagi ortiqcha dabdabalarning oldini olish, xarajatlarni qisqartirish borasida aniq taklif va tavsiyalar, huquqiy asoslar zarur.

To‘ydagi «soliqlar» – sog‘liqqa ham ziyon

To‘y-tantanalardagi isrofgarchilikning oldini olish borasida olib borilgan targ‘ibot-tashviqot samarasi o‘laroq, qator nog‘oralaru laganlar kamaydi, bahonada to‘ylarning turlari qisqardi. Ammo to‘y xarajatlarining qisqargani kelin tomonga yangicha «soliq» solish urfini paydo qildi.

Masalan, avvallari Samarqand shahrida qiz uzatgan xonadaon uch kun o‘tmasdan qizini uyiga chaqirib katta ziyofat (talbon) uyushtirilardi. Hozir esa bu urfdan chiqdi. Biroq qiz uzatar xonadon bu bilan xarajatdan qutilib qolmadi, aksincha, yangicha «soliq» domiga tutildi. Hech qayerda e'tirof etilmagan odatga ko‘ra qizning ota-onasi zimmasiga yangi ro‘zg‘orga kerakli barcha ashyolar, mebellar to‘plami, uyni jihozlash to‘liq yuklandi. Boshqacha qilib aytsak, yangi oilaning uyini kelin tomon bezatib beradi. Bu odat yurtimizning boshqa hududlarida (Toshkent va vodiy tomonlarda) ham mavjud ekan.

Bu ham yetmagandek, bayram kunlariga – avtomat kir yuvish mashinasi, kuyovning tug‘ilgan kuniga – televizor, chaqaloq tug‘ilsa, yana qimmatbaho bolalar mebellari va kiyimlari. Achinarlisi, erkaklik g‘ururi va oriyatini yerga urib, o‘sha hadyalar hisobiga kuyovto‘ra mag‘rurlanib yashaydi. Hech bir kuyovni kelin ota-onasining shu qadar himmatini rad etib, «bizga hech nima kerak emas, biz o‘zimiz barchasini mehnat qilib xarid qilamiz...shu qadar farzandlarni kamol yetkazdingiz, shuning o‘zi katta mukofot. « deganini ko‘rmadim, eshitmadim. Aksincha, fotiha to‘yi bo‘lgach, qizga «meni sharmanda qiladigan oddiy mebellar yubormasin ota-onang...» degan gaplarni eshitdim.

Ayting-chi, umr bo‘yi qizini oq yuvib, oq tarab, ko‘zining qarog‘idek asrab, uning kamoli uchun hech nimani ayamagan ota-onaga qaysi gunohlari uchun «soliq solish» kerak? Nega ulardan qimmatbaho sovg‘a-salomlar-u sarpolar talab qilish kerak? Bu munosabat qaysi axloq kodeksiga yoki qonunchiligimizga to‘g‘ri keladi?

Qizimni uzatishim kerak, deb o‘zi yemay, ichmay, kiymay, har xil kasalliklar ortirib davolanmagan ota-onalar kam emas. Birovning baxtsizligi, zahmati evaziga baxtli bo‘lish mumkin emas, shunday ekan, bu borada adolatliroq bo‘lish lozim. Bechora andishali ota-ona qizini uzatib xavf-xatar va xavotir girdobida yashaydi: «Sarpolarimiz qudalarga yoqdimikan?.. Mebellar ma'qulmikan?..»

Yana bir gap.

Qizining xurmacha qiliqlari yoki kamchiliklarini yashirish maqsadida, pul topishga vaqt topib, tarbiya qilishga vaqt topolmagan ota-onalar qudalariga, kuyovlariga shu qadar sovg‘a-salom hadya qilib, mulozamat ko‘rsatadilarki, hayratdan yoqa ushlaysiz. Bu qadar qo‘sha-qo‘sha qimmatbaho sovg‘alarni olgan kuyov kelinga nojo‘ya gapirishga ham o‘ylanib qoladi. Boshqacha qilib aytganda, bu muttahamlikning yangicha usuli, xolos.

«Love story» yoxud behayolikning tarannumi

Yoshi ulug‘ insonlarning nikoh marosimlari haqida so‘rasangiz, amin bo‘lasizki, o‘sha vaqtlari ortiqcha dabdabasiz milliy qadriyatlarimizga xos nikoh marosimlari o‘tkazilgan. Bir otaxon bu borada shunday fikr bildirdilar: «Bizning davlarda bu qadar dabdabayu oliftagarchilik yo‘q edi. Mehmonlar ham bu qadar ko‘p bo‘lmasdi... masalan men qo‘shnimizning otida kelinni uyga olib kelganman. Kelin ham bir tuguni bilan uyga kelgan... Hozirgi kelin-kuyovlarning qiliqlari aqlga sig‘maydi».

Bir kunlik to‘y uchun so‘nggi rusumdagi avtomobillarni kimo‘zarga buyurtma qilish, avtomobillar karvoni bilan shahar ko‘chalarini aylanib yurish, falon so‘mga kelinlik ko‘ylagini buyurtmaga olish kabi ortiqcha dabdababozlik holatlari ancha tanqid qilindi. Biroq tanqid aksta'sir ko‘rsatdimi, so‘nggi vaqtlarda to‘ylar yana yangicha udumlar bilan boyimoqda.

Jumladan, bo‘lajak kelin-kuyovlar ishtirokida «Love story» deb nom olgan sayr lavhalari asosida videoroliklar ishlash va soxta obro‘ to‘plash uchun ularni to‘yxonada to‘yi kuni namoyish etish, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish tobora ommalashib borayotir. Bunday videoroliklar deyarli har bir to‘yda kelin-kuyov ishtirokida ko‘rsatilayotir.

Afsuski, bunga hech kim munosabatini bildirmaydi. Vaholanki, bunday roliklarda sharqona tarbiya va milliy g‘ururimizga shikast yetkazadigan harakatlar, munosabatlar mavjud. Hali nikoh o‘qitilmasdan, qonuniy nikohdan o‘tmasdan, bo‘lajak kelin-kuyovlar «Love story» lavhasi uchun s'yomkaga tushishadi, ehtirosli holatlarni lavdalantiradi. So‘ng montaj qilinib, videorolik sifatida butun to‘yxona ahliga o‘sha ehtiroslarini namoyon etishadi.

Axir bu axloqiy tanazzulning boshlanishi, ma'naviyatning pastligiyu manmanlikning debochasi emasmi? Nahotki, qiz, uning ota-onasi, oilasi to‘ydan oldin bo‘lajak kuyov bilan ibo va hayoga zid lavhalarni jonlantirishdan, «sevgi hikoyasi»ni yozishdan uyalmaydilar?! Menimcha, bu borada bo‘lajak kuyovning ham erkaklik fazilatlarida gap ko‘p. Zero, o‘zini hurmat qiladigan kuyov bo‘lajak oila boshlig‘i, umuman erkak sifatida o‘z jufti halolini bazmgohda jamlangan odamlarga ko‘z-ko‘z qilmaydi, ehtirosli lavhalarini namoyish etmaydi. Demak, ba'zi bir yigitlarimizda ham erkaklik g‘ururi va oriyat susaymoqda. Bu mantiqiy xulosa, xolos.

«Kattalar» nima desa, shu...

Odatda, to‘yning xarajatlariyu qanday o‘tkazilishi borasida maslahatlashganda, to‘ychilar shunday fikrni bildirishardi: kattalar nima deyishsa, shu...». Hozir esa sal boshqacharoq bo‘ldi: «kattalar» nima qilsa, shu. Ya'ni, ko‘pchilik o‘zboshimchalik bilan to‘y qiladigan bo‘ldi.

Tan olib aytish kerakki, bu borada Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda pul topib aql topolmagan «kattalar» hadlariga siqquncha dabdabaga berilib ketdilar, o‘zlarini ko‘z-ko‘z qilish uchun hech nimadan tap tortmadilar. Bu borada xalqning nazariga tushgan ba'zi bir amaldoru san'atkorlar ham ancha jonbozlik ko‘rsatdilar. Natijada, xalq orasida «falonchi san'atkorning to‘yiga yuzga yaqin san'atkor kelibdi, to‘yi falon restoranda bo‘libdi...dasturxonida qoshiq qo‘yish uchun joy qolmapti» degan gaplar paydo bo‘ldi.

Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining joriy yil 21 iyuldagi «To‘y-hasham, oilaviy tantana, ma'raka va marosimlarni tartibga solishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida ancha ishlar qilindi, kimdir o‘z mansabidan qo‘rqib, kimdir vijdonan yana kimdir pulini tejash maqsadida shu qaror asosida to‘yini ixcham qilib o‘tkazdi. Bu borada mahalla raislarining roli nihoyatda katta bo‘ldi.

Ammo bu jarayon uzoqqa cho‘zimadi, vaqt o‘tib yana hamma bilganini qildi. Yana xalq orasida «kattalar»ning to‘yi shov-shuv blib ketdi. Shunday to‘ylarning birida qatnashdim. Dasturxondagi nozu-ne'matni ko‘rib, ezilib ketdim: axir shu qadar muruvvatli ekansan, muhtojlarga yordam ber. Achinarli tomoni bunday «kattalar»ning to‘yiga falonchi san'atkor, falonchi mahalla raisi xizmatda.

To‘y xarajatlariga – uy sotib olish mumkin

Yillar davomida ancha to‘ylarni ko‘rib, shu xulosaga keldim: agar tejashni, ortiqcha manmanlik yo o‘zini ko‘z-ko‘z qilish kabi illatlarimizni bartaraf etsak, o‘sha dabdabali to‘ylarga sarflanadigan mablag‘ga o‘y sotib olish mumkin. Axir, to‘y qilaman, deb uyini sotganlar ham bor-ku, shuning o‘zi fikrimiz isboti. Menimcha, bu borada aniq sotsiologik tadqiqotlar va so‘rovnomalar o‘tkazilishi kerak, ya'ni bitta to‘y uchun qancha mablag‘ sarflaymiz, yo bir ta'ziya marosimi uchun qancha xarajatlar bo‘ladi.

Yaqinda qiz uzatgan bir inson bilan suhbatlashib yoqa ushlab qoldim. Uning aytishicha, bir qizni o‘z «egasiga» eson-omon, obro‘-e'tibori bilan uzatish uchun, yillar davomida uni ko‘z qorachig‘idek asrash, tarbiyasiga jiddiy e'tibor qaratish barobarida, kamida yuz million so‘m kerak ekan.

Bu bo‘rttirish, dedim o‘zimcha. Biroq suhbatdoshim hammasini obdon hisoblab berdi. «Majburiy olinishi kerak bo‘lgan taqinchoqlar: oddiy tilla halqasi kamida 2 mln.so‘m, uzuk-800 000 so‘m, bilakuzuk — 4 mln. so‘m, Kiyim-kechaklariga o‘rtacha taxminan 12 mln. so‘m atrofida mablag‘ sarflanadi. Endi kuyov tomon uchun qilinadigan xarajatlar: qaynonasi uchun tilla uzuk yoki halqa taxminan 1 mln so‘m, mo‘ynali palto — 1,5 mln. so‘m. Bundan tashqari yana taxminan 4 mln. so‘m atrofida ust-bosh qiladi. Kuyov uchun taxminan 3,5 mln. so‘m ust-bosh olinadi. Kuyov uyini jihozlash va bezash uchun: mebel- 8-12 mln. parda-6-8 mln. ko‘rpa-to‘shak-3 mln so‘m. Bu hali hammasi emas. Yana bo‘lajak kuyov uchun qaynotasi himmat qilsa kamida bitta televizor sovg‘a qilishi, qudasi uchun yana sarpo qilishi kerak. Bu ham ancha pul. Yana qizini uzatgan xonadon kamida yuz kishiga osh beradi».

Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, to biz bu borada fikrimizni o‘zgartirmas ekanmiz, ma'naviy va moddiy zarar yetkazadigan ortiqcha dabdabayu isrofgarchilikdan qutulmas ekanmiz, umr bo‘yi mehnatimiz haqqini o‘z qo‘limiz bilan «havoga» sovuraveramiz. Shunday ekan, oqilona yashash usulini shakllantirishimiz, behuda hoyu havaslarga berilmasdan, farovon kunimiz uchun tejamkorlik va ixchamlik ila dasturxon yozishimiz kerak.

Bahodir RAHMONOV,

jurnalist.

Top