22:22 / 23.08.2017
10750

NASA AQShni Yyellouston supervulqonidan himoya qilish yo‘lini o‘ylab topdi

Foto: esgeo.ru

NASA mutaxassislari Yyellouston supervulqoniga qarshi turish strategiyasini ishlab chiqishdi. Ularning fikricha, ushbu xavfni gigant vulqon tubidagi magma o‘chog‘ini sovitish bilan bartaraf etish mumkin.  

Yyellouston supervulqoni AQShning shimoli-g‘arbidagi Yyellouston milliy bog‘ida joylashgan. Uning kalderasi o‘lchami 55 km ga 72 km ni tashkil qiladi. Undan 8 km chuqurlikda magma pufagi joylashgan. Undan taraluvchi issiqlik bog‘dagi geotermal chashmalar, jumladan geyzerlar va issiq ko‘llarni isitib turadi.

Supervulqon taxminan 700 ming yilda bir marta otiladi. Yerning butun tarixi davomida vulqon 3 marotaba otilgan va har bir otilish ko‘lami avvalgisidan kichikroq bo‘lgan. Vulqonning navbatdagi otilishi imkoniyati yiliga 0,00014 foizga baholanadi. Kaldera portlashi nafaqat AQShga katta ziyon yetkazishi, balki vulqon qishi boshlanishi va global ocharchilikka olib kelishi mumkin.  

Olimlarning hisob-kitobiga ko‘ra, vulqon o‘chog‘i tomondan ishlab chiqariladigan issiqlikning 60-70 foizi issiq chashmalar orqali atmosferaga ketadi. Qolgan issiqlik vulqonning magmatik kameralarida qoladi va “sekin harakatlanuvchi bomba” vazifasini o‘taydi. Olimlar portlashning oldini olish uchun magma pufagini 35 foizga sovitishmoqchi. Buning uchun maxsus burg‘ilangan quduqqa katta bosim ostida sovuq suv haydaladi. Vulqon bilan 350 gradusga isitilgan suv geotermal stansiyaga tushadi.

Olimlar shu tariqa ham global fojiadan qochishmoqchi, ham arzon elektr energiya olishmoqchi. Bunday elektr energiyaning bir kilovatt-soati 0,1 dollar turadi. Shu bilan birga ushbu g‘oyani amalga oshirish uchun barpo etilajak infratuzilma narxi 3,46 mlrd dollarga baholanmoqda. Biroq, aytish joizki, burg‘ilash tashqariga zaharli gazlar chiqishi yoki hattoki vulqon otilishiga olib kelishi xavfi mavjud. 

Top