23:30 / 23.08.2017
17641
O‘zbekistonlik iqtisodchi xalqaro tanlovda g‘olib bo‘ldi

Butun dunyo insoniyati qashshoqlik, tengsizlik va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lgan muammolarning yechimini talab qilmoqda. 13-21 avgust kunlari bir qancha bosqichda o‘tkazilgan «​Unleash»​ brendi ostidagi tanlovda, dunyoning 129 davlatidan o‘n minglab yosh iqtidorlar orasidan saralab olingan nomzodlar global sharoitni yaxshilash va taraqqiy etgan jamiyatni qurish yo‘lida o‘z g‘oyalari bilan ishtirok etdilar.

Yevropaning joriy madaniy poytaxti Orxus shahrida (Daniya) yakuniy bosqichi o‘tkazilgan Global innovatsion g‘oyalar tanloviga mamlakat malikasi Mariya janobi oliyalari, BMTTD administratori Axim Shtayner, Lindager Group asoschisi Anders Lendager, Daniya Bosh vaziri Lars Lyokke Rasmussen, Khan akademiyasi asoschisi Salmon Xon, Hollivud yulduzi hamda Times nashriyotining «Dunyoning eng kuchli 100 kishisi» ro‘yxatidan o‘rin olgan aktyor Eshton Katcher hamda ko‘plab moliyaviy tashkilot vakillari, ishbilarmon tadbirkorlar tashrif buyurdi. Shuningdek, tadbirga Bestseller, Microsoft, Grundfos, Vestas, Carlsberg, Pepsi, Deloitte, Dalberg va boshqa yirik kompaniyalar homiylik qilgan.

Tanlov ishtirokchilari safiga Markaziy Osiyodan besh nafar nomzod qabul qilingan bo‘lib, mingdan ortiq g‘oyalar ichida o‘zbekistonlik Azizbek Karimov jamoasi bilan birga taklif etgan loyiha BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlarida ko‘rsatilgan o‘n ikkinchi yo‘nalish (Mas'uliyatli iste'mol qilish va ishlab chiqarish) bo‘yicha 200 jamoa orasidan ikkinchi o‘ringa loyiq deb topildi.

KUN.UZ muxbiri Azizbek bilan bog‘lanib, uni faoliyatidagi muvaffaqiyatlar bilan tabrikladi.

«​Biz loyihamizning oliy o‘rinlardan biriga loyiq ko‘ringanidan xursand bo‘ldik. Natija yomon emas, tekstil va moda sohasida, qishloq xo‘jaligining ikkilamchi mahsulotlaridan tayyorlangan matolarni hamda insoniyatga zarari kam bo‘lgan matolar ko‘lamini oshirishda qo‘l keladigan internet platforma prototipini taklif qildik. Bu albatta fermerlar va boshqa organik hamda bio mahsulotlar ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar uchun qo‘shimcha daromad yaratish kanallarini hosil qiladi. Biz tanlov tarixida ilk g‘oliblar sifatida e'tirof etildik va bu hayajonli, albatta»​, deydi Azizbek.

Aytib o‘tish joizki, mazkur tanlov endilikda har yili dunyoning boshqa shaharlarida tashkillashtirilib, 2030 yilda Nyu-York shahrida nihoyasiga yetadi. Ayni paytda Azizbek Karimov bosh shtabi Meksikada joylashgan, Xalqaro bug‘doy va makkajo‘xori hosildorligini oshirish tadqiqot markazida xalqaro toifadagi iqtisodchi olim sifatida faoliyat olib boradi.

«​Endi har birimizning oldimizda mas'uliyat katta: yirik moliyaviy tashkilotlar va fondlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun, hamda yana yangi loyihalar ustida ish olib borishimiz uchun ajoyib imkoniyat paydo bo‘ldi»​, deb fikr bildirdi u.

O‘zbekistonlik iqtisodchining ayni kunlarda qanday loyihalar bilan mashg‘ul ekanligini so‘raganimizda, u hozirda «Xalqaro qishloq xo‘jaligi tadqiqotlar konsorsiumi, Bug‘doy tadqiqotlari programmasining bozor tahliliy dasturini boshqarayotgani»​ligini aytdi. Shuningdek, u Bill and Melinda Gates Foundation tomonidan moliyalashtirilayotgan Efiopiyada bug‘doy va makkajo‘xori navlarini DNK barmoq usulida aniqlash va keng ko‘lamda qo‘llash loyihasida o‘z yo‘nalishi bo‘yicha ish olib borayotganini bildirdi.

Ushbu loyiha natijalari, hozirdanoq aytish mumkinki, soha tadqiqot yo‘nalishida sezilarli natijalarga olib kelishi kutilmoqda, deydi vatandoshimiz. Xuddi shuningdek, Azizbek o‘z ichiga 15ta xalqaro institutni birlashtirgan konsorsium qoshidagi Mustaqil ilmiy va hamkorlik kengashining bo‘limi hisoblanmish yutuqlarni baholash bo‘yicha doimiy komissiyaning ekspert a'zosi hisoblanadi.

Azizbek Karimov Toshkent davlat texnika universitetining moliya yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr bitiruvchisi, AQShning Boston shahridagi, COOP ko‘rsatkichi bo‘yicha birinchi o‘rinda turadigan Northeastern University iqtisod yo‘nalishi magistranti hisoblanadi. Hamyurtimiz Germaniyaning Bonn Universitetida doktorlik dissertatsiyasini a'lo darajada yoqlab, ilmiy PhD maqomiga ega bo‘lgan.

Uning izlanishlari bir qancha xalqaro jurnallarda nashr etilgan, xususan bir necha maqolalari qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti va siyosati yo‘nalishida dunyoning kuchli beshligida e'tirof etiladigan Agricultural Economics, energiya va yoqilg‘i yo‘nalishida nomdor Renewable and Sustainable Energy Reviews jurnallarida chop etilgan.

KUN.UZ tez orada xalqaro toifadagi iqtisodchi Azizbek Karimov bilan Markaziy Osiyoda qishloq xo‘jaligi va birlamchi oziq-ovqatlarni yetishtirish, soha muammolari va yechimlari borasida suhbatni taqdim etadi.

Top