18:30 / 24.08.2017
32374

Amerika orzusi bilan 550 vatandoshini chuv tushirgan “ishbilarmon” MXX tomonidan qo‘lga olindi

Shunday toifali insonlar borki, ular pul topishning minglab usullari turganda vatandoshlarini aldash yo‘li bilan pul ishlashga harakat qilishadi. Ularni hatto mamlakatda yaqinda tovlamachilik uchun javobgarlikning oshirilganidek omil ham to‘xtata olmaydi, bundaylarning tiyin-tiyinigacha o‘marilgan qurbonlar uchun vijdoni ham qiynalmaydi.

Samarqand viloyati, Narpay tumanida yashovchi Oybek Nahangov mana shunday "ayg‘ir"lardan biridir. U o‘z odamlari (ko‘pincha yollangan talabalar) orqali Samarqand va qo‘shni viloyatlardagi kishilarga AQShda yashash va ishlashning yaxshi tomonlarini aytib, ularni o‘sha yerga ketishga targ‘ib qilardi. Bundan "sehrlangan" tinglovchilarga o‘sha yerning o‘zidayoq "Amerika orzusi" poygasida baxtini sinab ko‘rish taklif qilinardi. Xususan, Nahangov Shtatlarda uy-joy olish imkonini beruvchi "Grin kard" lotereyasida qatnashishni taklif qilar edi.

Shu yerda tovlamachilik sxemasi tuzilardi: O.Nahangov saytdagi kerakli hujjat shaklini to‘ldirish uchun to‘lov olardi. Uni tasdiqlash uchun zarur bo‘lgan kodni esa o‘zida qoldirib, mijozga yetkazmas edi. U vaqti-vaqti bilan mijozlardan qay biriga omad kulib boqqanini tekshirib turardi. Lotereya g‘oliblaridan esa qo‘shimcha pul mablag‘larini talab qilardi.

Naxangov tomonidan aldanganlardan biri Jizzax viloyatidan U.Sh. ismli shaxs bo‘lib, u bu yerda qandaydir gap borligini anglab, huquq-tartibot organlariga murojaat qilgan. "Amerika orzusi" bilan savdo qiluvchi "ishbilarmon" joriy yilning may oyida "Grin-kard" yutib olgan U.Sh.dan 200 dollar va 100 ming so‘m olgan. G‘oliblar haqidagi ma'lumotlar e'lon qilingandan so‘ng esa Oybek Nahangov Toshkentdagi AQSh elchixonasidan kerakli kod olishni bahona qilib, yana 15 million so‘m talab qilgan.

Samarqand viloyati MXX boshqarmasi xodimlari IIB xodimlari bilan hamkorlikda O.Nahangovni 15 million so‘m olayotgan paytda qo‘lga olishgan.

Idoradagi tintuv davomida jizzaxlik U.Sh. tovlamachining yagona qurboni emasligi ma'lum bo‘ldi. U yerda lotereya ishtirokchilari bilan tuzilgan 550 shartnoma topildi. Kompyuter texnikasi kompleksi, noutbuk, 46 pasport nusxasi va suratlar olib qo‘yildi.

O.Nahangovga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Tergov ishlari olib borilmoqda.

Top