21:52 / 24.08.2017
70322

Eng qimmatbaho 10 olmos (fotojamlanma)

Olmoslar doim boylik va hashamat timsoli bo‘lgan, ularning asosida esa yuzlab sarguzasht film va kitoblar yaratilgan. Bu tasodif emas, albatta, axir pul aralashgan joyda dahshatli jinoyatlar ro‘y beradi va hukmronlik uchun kurashlar ketadi. Nima uchun chiroyli bo‘lsa-da, oddiy toshlar uchun bunday pullar to‘lanishi hammaga qiziq. Bu olmoslarning aslida qanday ko‘rinishini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rmaguningizcha buni anglash qiyin. Trendymen dunyodagi eng qimmatbaho 10 olmos haqidagi ma'lumotlari bilan bo‘lishdi.

The Allnatt

Bahosi — 3 mln. dollar

Ushbu yorqin sariq rangdagi olmos o‘zining birinchi sohibi, mayor Alfred Ernest Allnatt sharafiga nomlangan. Qimmatbaho toshning og‘irligi - 101,29 karat. Uning aynan qayerdan topilganini hech kim aniq bilmaydi. Ba'zi ekspertlarning ishontirib aytishicha, u De Beers konlaridan biridan topilgan.

The Moussaieff Red

Bahosi — 7 mln. dollar

Bu olmos ro‘yxatdagi boshqa toshlarga qaraganda ancha kichik - atigi 5,11 karat. Shunday bo‘lishiga qaramay, u noyob qizil rangga ega, aynan shu jihati uning shu qadar qimmat baholanishiga sabab bo‘lgan.

«Abadiyat yuragi»

Bahosi — 16 mln. dollar

Janubiy Afrikadagi olmos koni - noyob ko‘k rangga ega ushbu fantastik toshning vatani. Yurak shaklidagi 27,64 karatli olmos dunyoda tengsiz, shu bois uning narxi shunday qimmat.

Vittelsbax

Bahosi — 24,3 mln. dollar

Bu moviy rangli tosh yirik hisoblanadi - 35,56 karat. U juda ajoyib tarixga ega. U haqida 1722 yildayoq ma'lum bo‘lgan, olmos Mariya Amaliya Avstriyskayaning oilaviy mulki bo‘lgan. XIX asrda uni bavar tojiga qo‘yishgan, keyin esa Birinchi jahon urushi davrida hatto yo‘qotib ham qo‘yishgan. Keyinchalik rekord summa evaziga topilgan qimmatbaho tosh 2008 yilda Kristisda sotuvga qo‘yilgan.

The Steinmetz Pink

Bahosi — 25 mln. dollar

59,6 karatli yorqin-pushti rangli tosh - bunday rangdagi eng yirik olmos. U birinchi marta Smithsonian «The Splendor of Diamons» ko‘rgazmasida namoyish etilgan.

De Beers Centenary

Bahosi — 100 mln. dollar

Amerika gemmologik instituti bu olmosga D toifa (bu eng yuqori toifa hisoblanadi) bergan. Ushbu rangsiz tosh ichki va tashqi tomonidan mukammalligi tufayli juda yuqori baholangan. Olmos - De Beers kompaniyasining kattaligi bo‘yicha uchinchi toshi.

Xoup olmosi

Bahosi — 350 mln. dollar

Xoup olmosi - eng qimmat toshlardan biri. Uning og‘irligi 45,52 karat bo‘lib, rangi - moviy-ko‘k. U hozirda Vashingtondagi Smitson institutidagi Tabiiy tarix muzeyidadir. Olmos o‘zining birinchi egasi - britaniyalik Henri Filipp Xoup sharafiga nomlangan.

Kullinan

Bahosi — 400 mln. dollar

Dunyodagi eng katta olmos 3106,75 karat og‘irlikka ega bo‘lib, u 1905 yildan buyon mashhur. Uni aynan o‘sha yili Janubiy Afrikada topishgan va kon egasi Tomas Kullinan sharafiga nomlashgan. Olmosning darz ketgan joylari bor, shu bois uni bir yaxlit olmos shaklida chegaralashning iloji bo‘lmagan. Shuning uchun u turli og‘irlik va narxdagi bir necha alohida toshga ajratilgan.

Sansi

Narxi — bebaho

Sensi nomini olgan och-sariq rangli olmos XI asrdan beri mashhur. Olmos Hindistondan topilgan deya taxmin qilinadi. Hozirda 55,23 karatli bu tosh Luvrdagi Apollon galereyasida saqlanadi.

Ko‘hinur

Narxi — bebaho

Bu qadimiy va yirik olmoslar orasidagi eng mashhur toshdir. Uning qiymatini hatto aniqlab bo‘lmaydi. Uni 5000 yil ilgari Hindistonda topishgan, uning tarixini bitish uchun esa sahifalar yetmaydi. Olmos 105 karatli bo‘lib, 1911 yildan beri Britaniya imperiyasining tojidadir.

Suratlar manbasi: trendymen.ru

Mavzuga oid
Top