09:15 / 24.08.2017
17187

Xalq ta'limi vaziri: O‘zbekiston lotin yozuvli o‘zbek alifbosini o‘zgartirmaydi

So‘nggi vaqtlarda internet va boshqa OAVda, ijtimoiy tarmoqlarda lotin va kirill yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini taqqoslash ishlari avj oldi. Ayrimlar krilga qaytish maqsadga muvofiq desa, boshqalar bu yana ortga qaytish bo‘lishini ta'kidlashdi. O‘zbekiston xalq ta'limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov Xalqaro Press-klubning 23 avgustdagi sessiyasida bu masalaga uzil-kesil nuqta qo‘ydi, deyish mumkin. Uning aytishicha, bu kabi gap-so‘zlar, ya'ni krillga qaytish haqidagi xavotirlar asossiz. Uning aytishicha, O‘zbekiston hukumati lotin alifbosidan voz kechmaydi. Inoyatov XPKda iishtirok etgan jurnalist savoliga javob berar ekan, bu masalaga batafsil to‘xtaldi.

"O‘ylaymanki, kirill yozuviga qaytish sizning, kichik qatlamdagi aholining fikri. Bu haqda umuman gap bo‘layotgani yo‘q. Buni balki kimdir xohlayotgandir. Men vazir sifatida o‘z qarashimni bildirmoqchiman. Birinchidan, kirill va lotin yozuvlarining o‘ziga xos afzalliklari va kamchiliklari ham bor. Ammo, mening fikrimcha, bizning holatimizda lotin yozuvining ustunliklari ko‘p. Farzandlarimiz xorijiy tillarni o‘rganishmoqda, ular lotin yozuvidadir. Xorijliklar ham o‘zbek tilini o‘rganmoqda. Ularga shu ma'noda qulaylik bor. Bundan tashqari, O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatga integratsiyalashuvida lotin grafikasiga o‘tish muhim ahamiyat kasb etadi", -dedi Xalq ta'limi vaziri.

Top