16:10 / 24.08.2017
22619

Toshkentda farzandini ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan ayol qo‘lga olindi

Toshkent shahar IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan Olmazor tumani, Farobiy ko‘chasida sodir etilgan odam savdosi jinoyati bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda. Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlarini olib borayotgan tergov boshqarmasi o‘ta muhim ishlar bo‘yicha katta tergovchisi mayor A.A.Kamalov sodir etilgan jinoyat bo‘yicha ma'lumot berdi.

«2017 yil 21 avgust kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga fuqaro Ya.U.A. ariza bilan murojaat qilib, u avgust oyining boshlarida Toshkent shahrining Chilonzor tumani hududida «Shahodat» ismli ayol bilan tanishib qolganini, oradan biroz vaqt o‘tib, ushbu ayol o‘zining «Zarina» ismli qizi borligini, u homiladorligini, ushbu tug‘iladigan farzandni 1.000 AQSh dollari miqdoridagi pullar evaziga sotish niyatlari borligini aytganini bildirib, mazkur shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur ariza asosida shu kuni Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan jinoyatchilarni qo‘lga olish borasida tezkor tadbir rejalashtirilib, soat 14:00larda, Olmazor tumani, Farobiy ko‘chasida joylashgan «Makro» supermarketi avtoturargohida S.Sh.J. va J.Z.Sh., 2017 yilning 16 avgust kuni tug‘ilgan, hech handay shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan qiz chaqaloqni 1.000 AQSh dollari evaziga U.A.Ya.ga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Sh.J.S. va Z.Sh.J.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari davomida mazkur jinoyatni sodir etganlikda Sh.J.S. va Z.Sh.J.ning aybi to‘liq isbotlanib, ularga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi (odam savdosi, ya'ni bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagani aybdorga ayon bo‘lgan shaxsni olish-sotish) bilan ayblov e'lon qilindi va jinoyatning og‘irlilik darajasini inobatga olgan holda ayblanuvchilarga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi tanlanmoqda», deyilgan xabarda. 

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, Sh.J.S. va Z.Sh.J.ning boshqa jinoyatlarga aloqadorliklari tekshirilmoqda.

Top