15:33 / 25.08.2017
3711

BMT: Yil boshidan buyon Yevropaga yo‘lga chiqqan 2 mingdan ortiq muhojir taqdiri noma'lum

Foto: UVKB

2,2 mingdan ortiq muhojir va qochqinlar O‘rta yer dengizi orqali Yevropaga borishga urinish chog‘ida halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan. Bu haqda BMT Qochoqlar masalalari bo‘yicha oliy komissarligi boshqarmasi (QOKB) ma'lum qildi. Jyenevada e'lon qilingan hisobot "Umidsiz sayohat" deb nomlanib, Yevropaga ko‘chish muammolariga bag‘ishlangan. 

QOKB ma'lumotlariga ko‘ra, O‘rta yer dengizini kesib o‘tayotgan noqonuniy muhojirlar oqimi keskin kamaygan. Birinchi yarim yillikda Yevropaga 107 mingga yaqin odam kirib kelgan. Bunda Turkiyadan Gretsiya orqali Yevropaga keluvchilar soni 94 foizga pasayishi kuzatilmoqda. Yanvar oyidan beri Gretsiya qirg‘oqlariga 9 ming muhojir va qochqin yetib kelgan. 2016 yilda bu raqam 150 mingdan ortiq ekani e'tiborga olinsa, bu yo‘nalishdagi o‘zgarishlar jiddiyligini anglash qiyin emas. Shu bilan birga, Shimoliy Afrikadan Italiya sohillariga yetib kelgan muhojirlar soni o‘zgarishsiz qolmoqda. Iyun oyi oxiriga kelib, ushbu dengiz yo‘lidan 84 mingga yaqin kishi foydalangan.

So‘nggi yarim yilda "2253 kishi dengizda va kamida 40 kishi quruqlikda Yevropaga yeta olmay halok bo‘lgan". "Ularning ko‘pchiligi yashirincha ko‘chishga uringani tufayli bu raqamlarga ishonish qiyin, ammo shu bilan bir qatorda ularni eng kam deb hisoblash mumkin", - deyiladi hisobotda 

Hisobotda yozilishicha, Yevropaga kirishga urinadigan noqonuniy muhojirlarning aksariyati (12 foizi) nigeriyaliklardir. Keyingi o‘rinlarda Gvineya (10 foiz), Kot-D'Ivuar va Bangladesh (9 foiz) fuqarolaridir. Beshlikni 7 foizlik ko‘rsatkich bilan suriyalik qochqinlar tugatadi. 

Top