22:15 / 25.08.2017
18827

Dushanbe Tehron bilan aloqalarni uzish tomon ketmoqda: Hammasi pulga borib taqalmoqdami?

Foto: Sputnik

Dushanbe yana qaytadan Eronni tojik siyosatchilarining shov-shuvli o‘ldirilishi, Tojikiston hududida fuqarolar urushi keltirib chiqarish va 2015 yilgi davlat to‘ntarishiga urinishda ayblab chiqdi. Hududida go‘yoki tojikistonlik jangarilarning tayyorgarlik ko‘rishiga qo‘yib bergan Rossiya ham ayblovlardan benasib qolmadi. Tojikiston milliy banki milliy xavfsizlikka tahdid oshgani vaji bilan terrorchilikda gumon qilinib, qidirilayotgan omonatchilarning hisob raqamlarini berkitib qo‘ydi, deb yozadi «Novaya gazeta».

Respublikada mashhur siyosatdonlar, olimlar va jurnalistlar Eronning moliyaviy yordami va respublika hukumati tomonidan davlat to‘ntarishi uyushtirishda ayblanib, 2015 yilning 4 sentabrida yo‘q qilingan Tojikistonning sobiq mudofaa vaziri Abdulhalim Nazarzodaning bevosita buyrug‘i bilan amalga oshirilgan. Bu ayblovlar Tojikiston IIV tomonidan tayyorlangan va avgust oyi boshida mahalliy telekanallarda aylantirilgan filmda yangraydi. Eron filmni noxolis va asossiz, «uning yordamida mualliflar davlatlararo munosabatlarga putur yetkazmoqchi» deb atadi.

Aftidan, Tehronning javoblari Dushanbeni qoniqtirmagan ko‘rinadi va Eron tomonini muayyan harakatlarga undovchi keyingi qadamlar bosilgan. Film ingliz, rus va o‘zbek tillariga o‘girilib, YouTube tarmog‘ida erkin tomosha qilish uchun joylangan.

Bir vaqtning o‘zida «Avesta» agentligi o‘z saytida shov-shuvli filmda tilga olib o‘tilgan qotilliklarni tergov qilgan militsiya polkovnigi Qurbonali Nazarov bilan intervyuni e'lon qilgan.

Nazarov ham mamlakatda fuqarolar urushi keltirib chiqarishda Eronni, ularni terrorchilik harakatlariga daxldor Tojikiston islom uyg‘onish partiyasiga (TIUP) yon bosishda ayblagan. Eslatib o‘tamiz, TIUP Tojikistonda jangarilar otryadi tuzgan, ulardan ayrimlari keyinchalik polkovnik Abdulhalim Nazarzoda qo‘mondonligi ostida harakat qilgan ekstremistik tashkilot, deb topilgan. Qurbonali Nazarovning intervyuda qayd etishicha, isyonkor Nazarzoda qo‘l ostidagi 25-batalon Rossiya Federatsiyasidan kelgan harbiy xizmatchilardan tuzilgan. Aynan shu batalon bilan Nazarzoda tojik hukumatiga qarshi chiqqan.

O‘z so‘zlari davomida Nazarov Eronga munosabatlarni izga tushirish usulini ham taklif qiladi: «Bunday vaziyatlar yuzaga kelganda tanglikdan chiqib ketish yo‘lini topish mumkin. Tojikiston va Eron munosabatlarida bitta chiqish yo‘li bor — Eron tomoni bu terrorchilik tashkilotiga (TIUP nazarda tutilmoqda) nisbatan munosabatini oydinlashtirib olishi, uni homiyligiga olmasligi va Dushanbe bilan ikki tomonlama aloqalarni toza varaqdan boshlashi kerak».

Tojik-eron munosabatlarining buzilishiga formal sabab sifatida TIUP yetakchisi Muhiddin Kabiriyning 2015 yil dekabr oyida — partiya faoliyati Tojikistonda taqiqlanganidan so‘ng Tehronda bo‘lib o‘tgan «Islom birligi» konferensiyasida ishtirok etgani keltiriladi. Biroq bir qator ekspertlar TIUP faqat bir bahona ekanligini, chunki bu masalada Tojikistonni dunyodagi hech bir davlat qo‘llab-quvvatlamaganini ta'kidlashadi. Aslida, paydo bo‘lgan taranglikka sabab — moliyaviy masalalardir. Tehron Dushanbedan 2,7 milliard dollarni qaytarishni talab qilmoqda. Uni eronlik milliarder Boboq Zanjoniy Eronga nisbatan joriy etilgan sanksiyalardan qochish uchun sotilgan neft pullarini Tojikiston banklari orqali qabul qilib olgan. Zanjoniyning o‘zi Eronda 2013 yilning dekabridan buyon hibsda ushlab turilibdi va oliy jazo — osishga hukm qilingan. Uni faqatgina Eronga qaytarilgan pullargina qutqara oladi.

«Eronning Tojikiston bilan munosabatlarini buzishga qaratilgan xatti-harakatlari ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Bu holatda moliyaviy e'tirozlar, Zanjoniyning Tojikiston banklaridagi hisob raqamlari, ko‘chmas mulklari haqidagi savollar o‘z-o‘zidan o‘rtadan ko‘tariladi. Gap Tojikistondan ham baquvvatroq davlatlar o‘lchovi bilan olinganida ham ulkan summalar haqida ketmoqda», — deydi «Novaya gazeta»ning Markaziy osiyo va Kavkaz bo‘limi mudiri Andrey Grozin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron neftini jahon bozorlarida sotishning yarimqonuniy sxemalari bilan bog‘liq barcha mablag‘lar turli davlatlardagi bank hisob raqamlari orqali o‘tgan, jumladan Tojikiston orqali ham. Buni Zanjoniyning Tojikiston milliy bankidan olgan va Eron sudiga taqdim etgan ma'lumotnomasi ham tasdiqlab turibdi.

«Tojikiston milliy banki vakillari bu hujjatni qalbaki deb atashgan. Biroq turli hujjatlar, Zanjoniy Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan tantanali marosimlarda lenta qirqqani suratga olingan videomateriallar buning aksini isbotlab turibdi. Endi esa Tojikistondagilar hech qanaqa pullarni ko‘rganimiz yo‘q, hech qanaqa to‘lov qilmaymiz, deb turib olishgan. Vaziyat Tojikistonning ayrim muammolarini ochib bermoqda. Bu resurslar va mablag‘lar yetishmasligi, qayerdan bo‘lsa ham maksimal foyda chiqarish niyati», — dedi Grozin.

«Novaya gazeta» manbasining tasdiqlashicha, Zanjoniy Tojikistonda prezident Imomali Rahmon va uning atrofidagilar o‘rtasida katta obro‘-e'tiborga ega bo‘lgan: «Unga hattoki Tojikiston pasporti ham taqdim etilgan. Uning mashinasiga 080 RT davlat raqami berilgan (Tojikistonda 100dan past barcha raqamlar ijroiya hukumatga taalluqlilik belgisi sanaladi). Prezident ishonchiga kirish uchun u Tojikiston iqtisodiyotiga turli ma'lumotlarga ko‘ra 50dan 500 million dollargacha sarmoya yotqizgan. Lekin bularning barchasi neft savdosidan tushgan pullarni naqdlashtirish maqsadida amalga oshirilgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, neft uchun Zanjoniy Rossiya rublini olgan, kichikroq foizlar evaziga uni dollar va yuanga almashtirgan. O‘sha paytlarda bu operatsiyalar SWIFT tizimi orqali o‘tgan, lekin o‘sha paytlar (2011-13 yillar) da bu operatsiyalarga hech kim qiziqmagan, chunki respublikaga yiliga 4,5 milliard dollargacha mehnat migrantlarining pullari oqib kelardi. Tojikiston banklari, o‘z navbatida kichikroq foiz evaziga Zanjoniyning pullarini Xitoy offshorlariga jo‘natib turgan». Manbaning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Tojikistonda Zanjoniyning puli yo‘q. Shu sababli Imomali Rahmon bu masalaga nuqta qo‘ymoqchi.

Andrey Grozinning fikricha, Dushanbe tomonidan dastaklanayotgan bu inqiroz Tojikiston uchun aloqalarning butunlay uzilishi bilan tugagani ma'qulroq. Milliy bankning «shubhali shaxslar»ning hisob raqamlari berkitilishi haqidagi bayonoti ham bu kontekstga mos keladi. Bu ro‘yxatga Zanjoniy ham qo‘shilishi mumkin. Tehron hozircha javob berishdan o‘zini tortib turibdi. Lekin u tomonda ham tojikcha strategiya hiylalariga bilib-bilmay o‘ynab qo‘yadiganlar topilib qolishi mumkin.

Mavzuga oid
Top