19:58 / 25.08.2017
24789

Qo‘pollik qilgan bog‘cha tarbiyachisiga chora ko‘rildi

X.H. shu yilning 16 avgust kuni Navoiy viloyatidagi maktabgacha ta'lim muassasalaridan birida tarbiya olayotgan ikki yoshdan oshgan qizini olib kelish uchun borganida, farzandining chinqirib yig‘layotgani ustidan chiqadi: qizcha yerda yotar, bog‘cha opasi esa uni turg‘izishga urinardi. Ona, tabiiyki, jon vahmida so‘raydi: “Qizim nega yig‘layapti?”. Tarbiyachi esa uzr so‘rash o‘rniga onani haqorat qiladi. Dahanaki aytishuv yakunida u qizaloqning onasiga qo‘lini paxsa qiladi: “qayerga borsang – bor, qo‘lingdan kelganini qil”. 

Facebook’dagi “Xalq bilan muloqot” guruhida G‘aybulla ismli foydalanuvchining xabar berishicha, ona dastlab bog‘cha mudirasiga shikoyat qilish bilan cheklanadi. Biroq o‘sha kechasi qizaloqning isitmasi keskin ko‘tarilib ketib, tuni bilan alahlab chiqadi. Shifokorlar unga aniq tashxis qo‘ya olishmaydi: “katta ehtimol bilan qo‘rqish oqibatida biror xastalikka chalingan bo‘lishi mumkin, sal kutaylik, belgilari aniq bo‘ladi”, deyishadi. 

So‘ng qizaloqning onasi bog‘cha tarbiyachisining noqonuniy xatti-harakatlari ustidan Xalq qabulxonasiga murojaat qiladi. Mazkur murojaat nazoratga olib o‘rganilgach, unda ko‘rsatilgan barcha holat o‘z isbotini topdi. Shu bois murojaat bo‘lgan kunning o‘zidayoq aybdor tarbiyachi egallab turgan vazifasidan ozod qilindi.

Albatta, aybdor qilmishiga yarasha jazo oldi. Biroq qizaloq ham, ota-onasi ham hamon stress holatidan chiqib keta olmayapti.

Foto: Facebook/Xalq bilan muloqot 
Foto: Facebook/Xalq bilan muloqot 

Ilgariroq ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatidagi ayrim maktabgacha ta'lim muassasalarida  katta yoshli “tarbiyachi”ning bolalarni  qo‘rqitish bilan shug‘ullangani aks etgan videolar minglab yurtdoshlarimiz qalbini larzaga solgan edi. Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalarida shu mazmundagi murojaatlar zudlik bilan o‘rganilib, murg‘ak qalblarga qo‘rquv urug‘ini sochayotgan kimsalarga qonun doirasida murosasizlik bilan qat'iy choralar ko‘rilmoqda.

Yana bir jihat – yaqinda XPKning Xalq ta'limi vazirligi mutasaddilari bilan bo‘lib o‘tgan navbatdagi sessiyasida xalq ta'limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov yangi tartib va qonun-qoidaga ko‘ra endi bolalarni 3 yoshdan maktabgacha ta'lim muassasalariga qabul qilish xalqaro tajribaga asoslanishini ta'kidladi: “3 yoshgacha bolalar ko‘p kasal bo‘lishadi, jamoat joylariga ko‘nikib ketishi qiyin kechadi. Bu yoshda bola ota-onasi yordamida uyida ta'lim tarbiya olsa yaxshiroq ijobiy natija beradi. To‘g‘ri tushuning, 2 yoshli bola uchun bog‘chaga borish juda erta. Bundan tashqari, bolalar bog‘chalarining vazifasi yosh go‘daklarga qarash emas, balki ularni tarbiyalash, ta'lim berish. Shuning uchun biz boshqa davlatlarning bu boradagi tajribasini o‘rganib, bolalarni 3 yoshdan qabul qilishga qaror qildik. Ya'ni, bog‘chaga boradigan bola o‘ziga-o‘zi xizmat qila oladigan bo‘lishi kerak. 2 yoshli bola mustaqil hojatxonaga borolmaydi, yuz-qo‘lini yuva olmaydi, ovqatlana olmaydi”.

Yuqoridagi holatda ham navoiylik qizaloqning 2 yoshdan endi oshgani, hali gaplarni to‘liq ayta olmasligi nima uchun mamlakatimizda bolalarni maktabgacha ta'lim muassasalariga qabul qilish yoshiga o‘zgartirish kiritilganiga yana bir isbotdir.

Biroq navoiylik qizaloqning 2 yoshdan bog‘chaga berilgani yuqoridagi holatda bolaga va uning onasiga qo‘pollik qilgan “tarbiyachi”ni oqlash uchun hech qanday asos bo‘la olmaydi. Bu sohada mamlakatimizda keng qamrovli va tub islohotlar amalga oshirilmoqda. 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2016 yil 29 dekabrdagi “2017-2021 yillarda maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida bolalarning har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlanishi uchun ilg‘or xorijiy tajribalarni inobatga olgan holda zarur shart-sharoitlar yaratish, 
maktabgacha ta'lim muassasalari uchun pedagog kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish o‘quv reja va dasturlarini zamonaviy pedagogik texnologiya va metodlarni inobatga olgan holda takomillashtirish ko‘zda tutilgan.

Bunda maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyati tubdan yaxshilanib, eng ilg‘or xorijiy tajriba o‘rganiladi, har jihatdan zamonaviy tizim yaratiladi. Bu borada alohida vazirlik tashkil etiladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev kuni kecha Bekobod tumaniga tashrifi davomida «Ayollarning ishini oson qilish uchun keyingi 5 yilda O‘zbekistonda tug‘ilgan 100 foiz bolalarning bog‘chaga borishini ta'minlaymiz. 1-sinfga yangi qabul qilingan, maktabdan avval bolalar bog‘chasiga borgan va bog‘chaga bormagan bolani solishtirib ko‘ringlar. Ularning saviyasini, ko‘zlarining yonishi; bayroq, madhiya, Amir Temur bobosi kim, Birinchi prezidentimizni va Vatanni bilishi to‘g‘risida savolga tutib ko‘ringlar. Kollektivni bilishi to‘g‘risida, sog‘ligi to‘g‘risida, kasal bo‘lmaslik uchun nimalar qilishi to‘g‘risida so‘ranglar. Ular bog‘chada o‘z vaqtida yotib dam oladi, uch mahal ovqatlanadi, rasm chizishni o‘rganadi, salom berishni biladi. Unday bolalarning saviyasi mutlaqo boshqacha bo‘ladi», deb bejiz ta'kidlamadi.

Bu islohotlar samarasida yaqin besh yilda mazkur sohadagi barcha muammoga tizimli barham beriladi. Bu bilan bolalarning qiziqish va intilishlarini hisobga olgan holda, ularga maktabgacha bo‘lgan davrda har tomonlama puxta ta'lim-tarbiya berish, dunyoqarashini kengaytirish, mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, qalbi va ongiga milliy va umuminsoniy qadriyatlarni singdirib borish, shu orqali ularni ona Vatanga muhabbat, pokiza orzular ruhida kamol toptirish – orzudan har birimizning real hayotimizga ko‘chadi.

Top