10:01 / 25.08.2017
18934

Poraxo‘r o‘qituvchi qo‘lga olindi

Foto: Fotolia/Bernad

Insonning hayotda munosib o‘rin topishida, komil inson sifatida shakllanishida muallimlarning o‘rni nihoyatda muhim. Guldiyor Bobomurodova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ana shunday hurmatga sazovor ustoz edi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Buxoro muhandislik texnologiya instituti xorijiy tillar kafedrasi ingliz tili fani o‘qituvchisi Guldiyor Bobomurodova qing‘ir ishga qo‘l urib, obro‘-e'tiboridan ayrildi. U muhandislik va texnika fakulteti ikkinchi bosqich talabalari Muzrob Abdullayev hamda Dilmurod Islomovlarni “to‘r”iga ilintirdi.

-  Imtihonga kirish uchun yetarli ball to‘play olmagansizlar. Sessiya vaqti ham o‘tib ketayapti. Xo‘p desalaring...

-  Axir, darslarga kirgan edik-ku.., - Muzrob domlasining nimadandir “umidvor” bo‘layotganini payqasa-da, sir boy bermay, e'tiroz bildirgan bo‘ldi.

-  Xo‘p bo‘ladi, domlajon.., - dedi Dilmurod ishning bitishini o‘ylab.

-  Bo‘lmasa, mustaqil ish va ma'ruza daftarlar uchun 40 ming so‘mdan...

“Lom-lim” demasdan 80 ming so‘m chiqarib bergan talabalar esa “ishlari bitganidan” xursand bo‘lishdi.

Oradan bir haftacha vaqt o‘tgach, Guldiyor Bobomurodova yana talabalarga yuzlandi. Bu safar “boshqa bir fandan baholaringni qo‘ydirib beraman”, deya firibgarlik qilib, ulardan 60 ming so‘mdan 120 ming so‘m pullarni oldi. Biroq bu pullar unga nasib qilmadi. Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda G.Bobomurodovaning qilmishlari fosh etildi. U bu ishining oqibati pushaymonlik va nadomat ekanligi haqida o‘ylab ko‘rmagan edi. Sud tomonidan unga tegishli jazo tayinlandi. 

Mavzuga oid
Top