07:53 / 26.08.2017
27057

Yapon nashri: Shimoliy Koreya yetakchisini qo‘riqlash KGBning sobiq agentlariga ishonib topshirilgan

Shimoliy Koreya KGBning (Komitet gosudarstvennoy bezopasnosti – Davlat xavfsizligi qo‘mitasi) sobiq agentlarini mamlakat rahbari Kim Chen Inni AQSh va Janubiy Koreya tomondan unga suiqasd qilinishiga urinishlardan himoya qilish maqsadida “harbiy maslahatchilar” sifatida yollagan. Bu haqda Yaponiyaning Asahi Shimbun nashri xabar bermoqda.  

Nashr manbasi ma'lumotlariga ko‘ra, sobiq ittifoq davlat xavfsizligining terrorchilikka qarshi kurash bo‘limida ishlagan 10 ga yaqin iste'fodagi agenti Pxenyanga fevralda taklif qilingan.  

Ulardan Kim Chen In tan soqchilarini teraktlarni bartaraf etish va agar suiqasd amalga oshirilsa, jumladan, AQShning Gray Eagle droni yordamida, nima qilish kerakligiga o‘rgatish so‘ralgan. 

May boshida Shimoliy Koreya Markaziy razvedka boshqarmasi va Janubiy Koreya maxsus xizmatlarini Kim Chen Inni o‘ldirish maqsadida til biriktirganlikda ayblagandi.

Bu orada Reuters axborot agentligining MAGATEga iqtibos keltirgan holda xabar qilishicha, Pxenyan qurilayotgan yangi yadroviy reaktor uchun zarur elementlarni ishlab chiqarish ishlarini faollashtirgan. Mutaxassislar fikricha, Shimoliy Koreya atom bombalari uchun yoqilg‘i ishlab chiqarishda mavjud reaktordan foydalanmoqda. AQSh prezidenti Donald Tramp esa agar Shimoliy Koreya yadroviy sinovlarini davom ettirsa, u yerdagi vaziyatga harbiy aralashuv bo‘lishi mumkinligini aytgan. 

Top