22:12 / 26.08.2017
7413

Davlat bojxona qo‘mitasi «Aniq muammo - dangal yechim» ochiq muloqotini o‘tkazdi

Foto:bojxona.uz

«Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» Davlat dasturi doirasida Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan poytaxt va Toshkent viloyatida faoliyat yuritayotgan 60 dan ortiq tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari, tadbirkorlar va bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassislar bilan navbatdagi ochiq muloqot tashkil qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Tadbirda Davlat bojxona qo‘mitasi Raisining birinchi o‘rinbosari B.Raimov ishtirok qilib, tadbirkorlarning bojxona sohasida yechimini kutayotgan muammolari, qiziqtirayotgan savollariga atroflicha javoblar berdi.

Shuningdek, ochiq muloqotda Davlat bojxona qo‘mitasi Markaziy apparati bosh boshqarma va boshqarmalari, Toshkent shahri va Toshkent viloyati bojxona boshqarmalari, «Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi rahbarlari va mutasaddi xodimlari ishtirok qildi.

Foto:bojxona.uz

«Aniq muammo — dangal yechim» shiori ostida o‘tkazilgan ochiq muloqot turli rasmiyatchiliklardan holi tarzda, davomli ma'ruza va hisobotlarsiz tashkil etilgani bilan ham ahamiyatlidir. O‘zaro samimiy va konstruktiv ruhda kechgan jonli muloqotda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislaridan batafsil javoblar olishdi.

Xususan, respublikamizga ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida olib kirilayotgan texnologik asbob-uskuna va jihozlarga nisbatan bojxona to‘lovlaridan imtiyozlarini qo‘llash tartibi, bojxona sohasida joriy qilingan elektron xizmatlarning qulaylik va afzalliklari, yurtimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xorijga eksport qilish tartibi, bojxona sohasida qabul qilingan so‘nggi normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati muhokamalar markazida bo‘ldi.

Foto:bojxona.uz

Shuningdek, turli xorijiy investitsiyalar va grantlar asosida olib kirilayotgan texnologik jihozlarning bojxona rasmiylashtiruvi jarayoni, tovarlarning bojxona qiymatini aniqlash usullari, tashqi savdo shartnomalarini Internet orqali hisobga qo‘yish tartibi haqida ham batafsil axborotlar berildi.


Davlat bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari B.Raimov uchrashuvda ko‘tarilgan muammo va masalalarni shaxsan nazoratiga olganini bildirdi va ularni joyida zudlik bilan hal qilish yuzasidan mas'ul rahbar va xodimlarga qat'iy ko‘rsatmalar berdi.

Top