02:52 / 26.08.2017
5900

Makedoniya sudi Erdo‘g‘anni haqorat qilgan shaxsni jarimaga tortdi

Foto: Fotolia / saiko3p

Sobiq Yugoslaviya respublikasi Makedoniyada sud Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni ijtimoiy tarmoqlarda haqorat qilgan shaxsni aybdor deb topdi va unga 24,600 makedoniya dinori (400 yevroga yaqin) jarima belgiladi.

Skopyyedagi Bosh sud hukmiga ko‘ra, Makedoniya va Turkiya fuqaroligiga ega bo‘lgan, Y.A. ismli shaxs 2016 yili Feysbukdagi o‘z sahifasida «xorijiy davlatlardan birining rahbari sha'niga kinoyali gaplar va haqoratlar» joylashtirgan. Agar u jarima to‘lashdan bosh tortsa, jazo qamoq jazosiga almashtirilishi mumkin.

Da'vogar sifatida Turkiyaning Skopyyedagi elchisi To‘lin Erka Qara qatnashgan va haqorat tufayli nafaqat Erdo‘g‘anning sha'niga, shuningdek Turkiya davlatining nomiga ham qora bo‘yoq chaplanganini qayd etgan.

«Biz ishonamizki, bu shaxs jazoga loyiq. Bu da'vo arizasi bunday o‘ylanmagan xatti-harakatlarni amalga oshirish niyatida bo‘lgan boshqalarni ogohlantirib qo‘yish maqsadida topshirildi», degan Turkiya diplomatik missiyasi rahbari Nova TV telekanaliga.

Chiqarilgan hukm bu boradagi birinchisi bo‘lgan va respublikada juda katta rezonans keltirib chiqargan. Advokat Filip Medarskiyning aytishicha, Makedoniya jinoyat kodeksiga ko‘ra ayblanuvchini uning haqoratlari shaxsan Erdo‘g‘anga emas, aynan prezidentlik lavozimiga qaratilgan bo‘lgandagina sudlash mumkin. Mahalliy ommaviy axborot vositalari advokatning fikrini keltirib, ushbu qaror inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi me'yorlariga zid ekanligini ta'kidlashmoqda.

2002 yilgi aholini ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, Makedoniyada 40 mingdan ziyod turk millatiga mansub kishilar yashaydi va ular mamlakat jami aholisining 4 foizini tashkil etishadi. Ular son bo‘yicha makedoniyalik albanlardan so‘ng mamlakatdagi ikkinchi milliy ozchilik hisoblanishadi.

Top