12:42 / 26.08.2017
30117

Senator Iqbol Mirzo lotin-kirill masalasida munosabat bildirdi

Keyingi kunlarda jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilingan lotin-kirill mavzusida senatorlar tomonidan rasmiy izoh berildi. Oliy Majlis Senati a'zosi Iqboljon Mirzaliyev (Iqbol Mirzo) Taraqqiyot markazida, Senatning 24-25 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida qabul qilingan qonunlar muhokamasiga bag‘ishlangan tadbir yakunida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek tili yozuvi bo‘yicha bahslar yuzasidan munosabat bildirdi:

«Bir narsani aniq aytishim mumkin: hech qachon kirill alifbosiga qaytilmaydi. Faqat bitta masala — lotin grafikasi tahrir qilinadi. Masalan, ba'zi harflarimiz ikkita harf bilan yoziladi. «Poshsho» deb yozadigan bo‘lsangiz, so‘z cho‘zilib ketadi. 

Lotin yozuvining qulayliklari ko‘p, dunyoga intilsak, ingliz tilini o‘rganish uchun ayni muddao. Lekin tahrirtalab. Masalan, «sh» harfi so‘z boshida kelsa, deylik, Shuhrat Rizayevning ismida bosh harfning bittasi katta, bitta kichik yoziladi. Endi Shuhrat akadan ruxsat olgan holda bitta belgi bilan belgilaymiz (kuladi). 

Shuhrat aka taklifining bitta yaxshi tarafi shundaki, bu bahs, munozara uyg‘otdi. Lekin davlatning bu boradagi siyosati qat'iy, o‘zgarmaydi», dedi senator.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftalar davomida adabiyotshunos Shuhrat Rizayevning kirill alifbosiga qaytish bo‘yicha bildirgan taklifi hamon muhokamalar markazida turibdi. Internetda lotin yoki kirill alifbosidan birini tanlash bo‘yicha bahslar davom etmoqda.

Mavzu
Lotin va kirill imlosi

O‘zbekiston lotin alifbosida qolgani yaxshimi yoki kirill alifbosiga qaytish kerakmi? Ayni vaqtda o‘zbekistonliklar shu mavzuni keng muhokama qilmoqda.

Barchasi
Top