13:08 / 26.08.2017
17325

Usmon Dembelening transfer qiymati qanchalik mos? - Tahlil

Foto: Twitter/FCBarcelona

Usmon Dembelening «Borussiya»dan «Barselona»ga transferi qiymati futbol olamida o‘ziga xos rezonans keltirib chiqardi. Yevropa chempionati va Chempionlar ligasi finalida to‘p surgan, «A» Seriyaning eng yaxshi o‘yinchisi, deb topilgan Pol Pogbaning narxi atigi bir yil oldin 105 million yevroni tashkil qilganda, anchagina shov-shuv ko‘targan media, xuddi shu summa atigi bir yil yuqori saviyada o‘yin ko‘rsatgan yosh Usmonga to‘langanida tilini tishladi. Axir transfermarketdagi qiymati 33 million ko‘rsatilgan o‘yinchi uchun +70 million to‘lanishi ham rekord ko‘rsatkich. Rostdan ham «Barselona» aqldan ozdimi? Futbol qayerga qarab ketyapti?

Keling, bunday keskin savollardan qochaylik-da, ushbu transferni tahlil qilishga harakat qilib ko‘raylik. Ana shunda, vaziyat biz o‘ylagandan ko‘ra, ancha tushunarli ekanini ko‘ramiz.

Avvalo, shuni aytish kerakki, Dembelega go‘yoki, katta mablag‘ to‘langani «Barselona» rahbarlarining xatosi emas. Kataloniyaliklar avvalroq, so‘nggi ikki yildagi tushunarsiz transfer siyosati bilan xatoni qilib ulgurgandilar. Neymarning ketib qolishi, Dani Alveshga o‘rinbosar topilmagani, ayniqsa, Dembele va Koutinoning transferlarining cho‘zilib ketishi klubning imijiga juda salbiy ta’sir ko‘rsatayotgandi. Dembele transferining yakuniga yetkaza olmaslik «Barselona»ning obro‘-e’tibori uchun juda katta zarba bo‘lar edi. Narigi tomonda esa, futbolchining sotilishini umuman istamayotgan va shu tufayli «og‘ziga siqqanini» so‘rayotgan «Borussiya» turibdi. Nemis futbolini yaqindan bilganlarning aytishicha, bundesliga klublari uchun bunday transferlar prinsipial ahamiyatga ega ekan — odatda, ular futbol yulduzlarini boshqa ligalarga sotishni istashmaydi, undan ko‘ra, «Bavariya»ga berib yuborishni afzal bilar ekanlar.  Buning ustiga Dembele uchun to‘langan summaning 25 foizi futbolchining avvalgi klubi «Renn»ga ketadi. Bu omil ham narx oshishida ahamiyat kasb etgan.

«Barselona» Dembele uchun to‘lagan biroz ortiqcha summa (har bir inson ortiqcha summa qancha ekanini o‘zi uchun belgilab olaversin) dortmuntliklarni ko‘ndirish va «Barselona»ning imijini saqlab qolish to‘lov, shuningdek, avvalgi xatolari uchun kompensatsiya deb tushunish mumkin.

Endi transferning moliyaviy tomoniga to‘xtalamiz. Odatda, jamoatchilik transfer qiymati deganda, aynan oldi-sotdi bo‘layotganda bir klub ikkinchisiga to‘lagan summasi nazarda tutiladi va aynan shu summa tilga olinadi. Ammo vaziyatga klub nuqtai nazaridan qaraganda, unday emas. Klub uchun ma’lum futbolchining narxi - futbolchi klubda o‘ynayotgan davrda unga qilingan xarajatdir.

Foto: Twitter/dembouz

Tushuntirish uchun bir necha yil oldingi bir holatni eslataman. Toni Kroosning «Bavariya»dan «Real»ga, Ander Erreraning «Atletik»dan «MYu»ga o‘tishi bir vaqtga (yildan yilga o‘zgarayotgan bozor tufayli, ayni bir paytda amalga oshirilgan transferlarni misol qilinyapti) to‘g‘ri kelgandi. Kroosning narxi 25 million yevra, Errera uchun esa, 35 million yevro to‘langandi. Albatta, ko‘pchilik hayron bo‘lgan. Axir Kroos har tomonlama Erreradan kuchli, tajribali sanalar edi.

Gap shundaki, nemis futbolchisining «Bavariya» bilan shartnomasi tugashiga bir yil qolgandi. O‘z o‘zidan Kroosning narxi past bo‘lgan. O‘z navbatida, Kroosning «Bavariya»dagi maoshi katta bo‘lgani, «Real» «Bavariya»ga kamroq pul to‘laganini e’tiborga olgan holda, futbolchining Madriddagi maoshi aynan shu nyuanslardan ham kelib chiqqan. Natijada «Real» Kroosga bir yilda 12 million yevro maosh to‘lashga rozi bo‘lgan. Errera esa, ancha kichikroq klub futbolchisi edi, tabiiyki, uning yillik maoshi past bo‘lgan. Shartnoma muddatining kattaligi esa, transfer qiymatini oshirib, maoshni pasaytirgan. Chunki klub transfer uchun pul berayotganda, yuqorida aytganimdek, futbolchi uchun qilinadigan umumiy xarajatni e’tiborga oladi.

Endi hisoblasak, «Real» Kroos uchun 4 yilda 48 million maosh to‘laydi. Tranfer qiymatini qo‘shsak, 25+48=73 million yevro. Ander Erreraning Manchesterdagi maoshi bir yilda 3 millionni tashkil qilgan. Demak, «Manchester Yunayted» Erreraning 4 yil klubda o‘ynashi uchun 35+12=47 million yevro sarf qiladi. (Albatta, klub futbolchining maoshini oshirgan holda, yangi shartnoma tuzishi, ya’ni muddatni uzaytirishi mumkin).

Kroos 73 million, Errera 47 million — klublar tomonidan qaraganda, aynan mana shu summalar futbolchining real narxi. Biz esa, Errera Kroosdan ko‘ra qimmatga olingan deb, istalgancha baqirib yurishimiz mumkin.

Endi mavzuga qaytamiz va Usmon Dembelening aslida 60 million yevroga baholanayotgan Sanchesdan arzon ekanini isbotlaymiz.

Foto: Twitter/dembouz

Dembelening transfer qiymati tanqid qilinayotganda, aynan mana shu omil — Di Mariya, Aleksis Sanches kabi futbolchilarning arzonroq ekani, Dembelening yarim puliga «Barselona» ularni sotib olishi mumkin bo‘lganini aytishdi. Rostan ham, agar futbol nuqtai nazaridan, aynan joriy mavsumni e’tiborga olib qarasak, shundaydir. Lekin «Barselona» bosh murabbiyi Dembeleni tanladi, narxdagi tavofutni esa, hozir yo‘qqa chiqaramiz.

Usmon Dembelening «Borussiya»dagi maoshi haftasiga taxminan 80 ming yevro, bir yilda u 4 million yevroga yaqin oladi. Dembelening Dortmund klubi bilan shartnomasi 2021 yilgacha mo‘ljallangan edi, demak, «Barselona» uni sotib olayotganda, Dembelening narxini oshirgan sabablardan biri shu. O‘z navbatida, bu omil tufayli katta summani «Borussiya»ga to‘lagan «Barselona» Dembelening maoshini belgilashda, uning eski maoshidan kelib chiqqan holda kelishuvga erishishga harakat qiladi. Usmon uchun muhimi, avvalgi shartnomasidan ko‘ra kam pul olmaslik. Taxmin qilish mumkinki, Dembelening «Barselona»dagi maoshi ikki barobar oshgan oshgan taqdirda ham 8 million yevroni tashkil qilishi mumkin, xolos.

Di Mariya Parijda yiliga 10 million yevro, Sanches Londonda yiliga 12 million yevro maosh oladi. Ushbu futbolchilarning klublari bilan joriy shartnomalari tugab bormoqda. «Arsenal» va PSJ yakunda ularning erkin agentga aylanib, bepulga ketib qolishlarini oldini olish maqsadida, kamroq narxga ham sotishga rozi bo‘lishlari tabiiy. Lekin o‘z navbatida, transfer qiymatining kamligi ushbu futbolchilarning «Barselona» bilan muzokaralar stolida «ko‘zir» bo‘lib xizmat qiladi va ularning maoshlari Dembeleniki bilan bir xil bo‘lmaydi. Misol uchun, hozir Sanches «Arsenal»dan yiliga 20 million yevro talab qilmoqda.

Aytaylik, Sanches 60 million yevroga sotib olindi va u Barselonada 14 million maoshga rozi bo‘ldi. Uning «Barselona»da 4 yil o‘ynashi klubga 60+56 = 116 millionga tushadi. Usmon Dembele esa, klubga 105+32=137 million yevro.

Baribir qimmatmi? Yo‘q, endi bu yerga Usmonning atigi 19 yoshda ekani, ya’ni 4 yildan keyin u 23 yoshda bo‘lishini e’tiborga oling. Uch yil o‘tib, agar «Barselona» Dembeleni 21 millionga sota olsa, u «Barselona»ga xuddi Sanches kabi, 116 millionga tushgan bo‘ladi xolos, to‘g‘rimi? Bugungi bozor narxlariga qaraganda, 21 million siz uchun ham chaqa bo‘lib ko‘rinmoqda, aslida Dembele ancha qimmatga sotilishi va «shartli Sanches»dan ikki  barobar arzonga tushishi aniq. Chunki Sanches ham, Di Mariya ham 29–30 yoshda. Katta ehtimol bilan, «Barselona» bu futbolchilarni keyinchalik qayta sotib, ularga qilingan umumiy transfer xarajatini kamaytira olmaydi.

Foto: Goal.com

Demak, vaziyatga chuqurroq qaraganimizda, boshqa futbolchilar bilan solishtirishda va aynan ushbu yilgi transfer bozoridagi shartlarda ushbu transfer u qadar qimmat ko‘rinmayapti. Shveytsariyaning Cies nomli tadqiqotchisining hisob kitobiga ko‘ra ham, Dembelening 2017 yil iyul holatiga bozor narxi ham 90 million yevro atrofida ekan.

Albatta, aslida bu transfer qanchalik foydali yoki foydasiz ekanini futbol maydonidagi voqealar rivoji ko‘rsatadi. Demlebe kelajakda jamoaning haqiqiy yulduziga aylanishi va transfer narxi barchaning yodidan chiqib ketishi yoki aksincha bo‘lib, bu summa butun umr futbolchini ta’qib qilishi mumkin. Eng muhimi, bu bizning ko‘z o‘ngimizda, adolatli shartlarda sodir bo‘ladi. Shuning uchun futbolni yaxshi ko‘ramiz.

Qahramon Aslanov

Top