18:00 / 27.08.2017
62685

Bir kunlik to‘y. Bir kunga hammaga boy ko‘rinish

«Korzinka.uz» supermarketlar tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov o‘z blogida keyingi haftalarda jamoatchilik muhokamasida bo‘lgan yana bir dolzarb mavzu - to‘ylar mavzusi bo‘yicha munosabatini bildirdi.

Angliyada birga o‘qigan ikki do‘stimning ikkita turlicha o‘tgan to‘ylarini eslayman. Ikkovi ham Angliya fuqarolari edilar. 

Bulardan biri badavlat zodagon oilasi farzandi, boshqasining kelib chiqishi esa maktab o‘qituvchilari sulolasidan edi.

Birinchisining to‘yi London tevaragidagi to‘y egalarining oilaviy qasrlarida o‘tkazilib, uch kun davom etdi. Asosiy marosimda 400 nafarga yaqin mehmon qatnashdi. Magistraturada birga o‘qigan yaqin do‘stlar qatorida men ham shu to‘yda bo‘ldim. Uch kun marosim-u ziyofatlar, asosiy kechaga esa hatto qirolicha oilasi a'zolaridan Kent shahzodasi tashrif buyurdi. 

Shu joyda, aytib o‘tish kerakki, hatto shu kabi zodagonlar ziyofatlarida ham bizning to‘ylardagidek, stollari yeyiladigan-yeyilmaydigan ovqatlar bilan to‘ldirib tashlanmaydi. Balki har bir mehmonga did bilan me'yorida alohida salat, ikki xil taom va desert vaqti-vaqti bilan tortiladi. Boshqa payt stollar markazida faqat chiroyli gulchambarlar bilan bezalgan holda, ichimliklar uchun fujyerlarni inobatga olmasak, bo‘shligicha turadi. Umuman, stollarni bizning to‘ylardagidek yasatishlarini men boshqa hech qayerda ko‘rmadim. Xuddiki, mehmonlar bir oy ovqatlanmasdan to‘yga keladi, degan taxmin bilan stol yasatamiz. 

Xullas, haligi to‘y ertaklardagidek qadimiy qasrda dabdabali o‘tdi, lekin bizning to‘ylardagi kabi yurakni ezadigan isrofgarchilikka guvoh bo‘lmadim.

Oradan bir yil o‘tar-o‘tmas, shu inoq do‘stlarimdan ikkinchisi ham o‘z to‘yini nishonladi. U to‘y Londonning shimolidagi ixchamgina kafeda, ko‘pi bilan 40-50 mehmon ishtirokida chiroyli tarzda o‘tkazildi. Yaqinda dabdabali to‘y o‘tkazgan "aristokrat" do‘stimiz ham o‘z qallig‘i bilan shu to‘yda qatnashishdi. Bu to‘ylarning ikkinchisi ham rosa xushchaqchaq o‘tdi. Hammamiz do‘stimiz baxt kechasi bahonasida diydor ko‘rishib, otamlashib, o‘ynab-kulib, mazza qilib o‘tirdik. Aytmoqchi, u ikkala to‘yda ham, bizning to‘ylardan farqli, odamlar gaplasha oladi va bemalol biri-birini eshitishadi ham. :-)

Bu ikki to‘yning qaysi biri yaxshiroq o‘tdi, deb taqqoslash hech kimning xayoliga ham kelmadi. Hozir menga shu savolni bersangiz, men hatto javob ham bera olmayman, faqat bir narsani eslayman: birinchi to‘yda o‘rnatilgan dress-kod (e'lon qilingan kiyinish asnosi) bo‘yicha toksido (smoking) kiyib, bo‘ynimga babochka taqib yurishimga to‘g‘ri keldi. Men esa bo‘ynimga har xil galstuk-babochkalar taqishni o‘lgudek yomon ko‘raman, ular meni bo‘g‘gudek bo‘ladi.

Xullas, ikki har xil to‘y har xil tarzda o‘tdi, ikkovi ham biz mehmonlar uchun samimiy quvonch baxshida qildi, ikkala to‘y sohiblari o‘zbek naqli bilan aytganda, "ko‘rpasiga qarab" quvonchini ulashishdi. 

Ayrim hollarda, xususan, to‘y-ma'rakalarimizda, orzu-havaslarimizga juda ergashib, o‘zimizni borimizdanda boy- badavlatroq ko‘rsatishga harakat qilib qo‘yamiz. Aslida, bularning barchasi faqatgina tashqi siyrat, xolos. Bu hayotimizga hech qanday manfaat yoki afzallik olib kirmaydi. Magar, o‘ta mashhur inson bo‘lmasak, bu kabi oliftagarchilik va ko‘z-ko‘z qilishimizning o‘zimizdan boshqa hech kimga qizig‘i ham yo‘q. Faqat kulgili bo‘lishi mumkin, ahvolimizni bilgan insonlar uchun. 

Odamlar, juda borsa, "ja oshirib yuboribdimi..." deyishadi-qo‘yishadi va ertasigayoq to‘yingizni mutlaq unutishadi, sababi, ertasi yangi to‘y va yangi taassurotlar bor. Xuddi shuning uchun to‘ylarimizni biri-biridan hatto ajratish qiyin bo‘lib qolyapti. To‘y egalarining oylab-yillab qiynalganlari, kechalari "to‘yim qanday o‘tarkin?!", deya uyqudan qolib chekkan kechinmalari, o‘zlaridan boshqa hech kimga umuman ta'siri ham, ahamiyati ham yuq. Bir kunlik to‘y o‘tadiyu-ketadi va sizdan boshqa hammaning esidan tezda chiqadi. Gapimga ishonmasangiz, biror do‘stingiz yoki qo‘shningizning bir oy oldin o‘tkazgan to‘yini bir eslab ko‘ring-a, esingizga nima keladi? Qariyb hech nima.

Baxtli bo‘laman desak, asl holatimizga rozi bo‘lishimiz, borimizga shukr qilishimiz, birovlar bilan o‘zimizni doim taqqoslavermasligimiz, hayotimizda bosayotgan qadamlarimiz, chekayotgan hissiyotlarimiz, o‘zaro munosabatlarimiz, hamda ichki dunyomiz, qolaversa, yashash mazmunimizni anglashimizgina asl ahamiyatga egadir. Buning uchun o‘zimizni bir kungina hammaga boy qilib ko‘rsatib, so‘ng qarzlarga botishimiz emas, balki hayotimizda alohida o‘rin oladigan shu tantanamizdan, sof ma'noda, haqiqiy zavq ola bilishni, uni surunkali dilxiralik manbaiga emas, balki haqiqiy xursandchilik lahzalariga aylantirishni o‘rganishimiz lozim. 

Shunday qilsak, avvaliga o‘zimizni o‘zimiz qiynab qo‘yib, ortidan kattadan-katta idoralar-u portallarga, televideniye va radiolarga "Hoy rahbarlar, bormisizlar? Biz bu yerda to‘y qilib juda qiynalib ketdik-ku, iltimos, bizni bundan xalos qiling", degan g‘alati shikoyatlar yozib yurishga hojatimiz ham qolmaydi. 

Odamlar, avvalambor, o‘zlarining hoyu-havaslariga bas kela olmay, onglari, irodalari bilan qilishi mumkin bo‘lgan ishlarini uddasidan chiqa olmay, o‘zlari qilgan xatolariga doim urf-odatlarni yoki boshqalarni aybdor qilib, so‘ng alamidan hamma uchun bir xil cheklanish o‘rnatib berish yo‘lida davlat kuch-qudratini chorlashlarini ko‘rish naqadar ayanchli manzara.

PS. Bu hikoyamni o‘qib olib, Angliyaning boylari shunday qilar ekan-a deb, tag‘in to‘y tashkilotchilarimiz, bundan buyon mehmonlarimizga babochka taqtirib, shlyapa kiyish yangi odatini kiritib qo‘yishmasa bo‘ldi endi ..)

E'tiboringiz uchun rahmat.

Top