19:55 / 27.08.2017
14667

Pekinda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi vakolatxonasi ochildi

Foto: Yoshlar Ittifoqi matbuot xizmati

Bugun Xitoydagi O‘zbekiston elchixonasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quranbayev Xitoyda tahsil olayotgan va mehnat faoliyatini yuritayotgan o‘zbekistonlik yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Samimiy va erkin ruhda o‘tgan suhbatda Qahramon Quranbayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi, O‘zbekistonning Pekindagi elchisi Baxtiyor Saidov hamda ko‘p sonli o‘zbekistonlik yoshlar ishtirok etishdi.

Foto: Yoshlar Ittifoqi matbuot xizmati

Qahramon Quranbayev o‘z nutqida O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy, ma'naviy-ma'rifiy, iqtisodiy o‘zgarishlar, yoshlarga oid davlat siyosatining mazmun-mohiyati, O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga yaratib berilgan keng imkoniyatlar haqida batafsil ma'lumot berdi. Ochiq muloqot davomida Xitoydagi 2700 nafardan ortiq yoshlarning manfaatlarini himoya qilish, qolaversa, o‘zbekistonlik yoshlarni mamlakatdagi yoshlar siyosatiga oid yangiliklardan boxabar qilish maqsadida “Axborot yetkazish markazi” tashkil etilishi ma'lum qilingan.

Foto: Yoshlar Ittifoqi matbuot xizmati

Muloqot davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishdi. Shundan so‘ng Akmal Ibrohimov bir ovozdan O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Pekindagi Boshlang‘ich tashkiloti yetakchiligiga saylandi. Boshlang‘ich tashkilot yetakchisining AKT va axborotni jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha o‘rinbosari sifatida esa Ozoda Aminova faoliyat yuritadigan bo‘ldi.

Foto: Yoshlar Ittifoqi matbuot xizmati

Bir so‘z bilan aytganda, bu O‘zbekiston yoshlar ittifoqining xorijda ochilgan birinchi Boshlang‘ich tashkiloti. Keyinchalik barcha xorijiy davlatlarda tahsil olayotgan va ishlayotgan yoshlarimizning manfaatlarini himoya qilish maqsadida yana boshqa rivojlangan davlatlarda ham boshlang‘ich tashkilotlar tuzilishi ko‘zda tutilgan.

Tadbir elchixona tashabbusi bilan yozilgan dasturxon atrofida davom etdi.

Top