11:35 / 28.08.2017
5413

Fuqaro Mudofaasi Xalqaro Tashkiloti bilan hamkorlik rejasi imzolandi

Foto: FVV

Shanhay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlarning favqulodda vaziyatlarni oldini olish va bartaraf etish masalalari bilan shug‘ullanuvchi idoralari rahbarlarining to‘qqizinchi yig‘ilishi davomida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri R.Jo‘rayev va Fuqaro Mudofaasi Xalqaro Tashkiloti bosh kotibi V.Kuvshinovning ikki tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari, hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari hamda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tadbirlar muhokama etildi.

Shu bilan bir qatorda, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari hamda yuqorida ko‘rsatilgan tadbirlar rejasini amalga oshirish bo‘yicha bajariladigan chora-tadbirlar xususida o‘zaro fikr almashildi.

O‘z o‘rnida ta'kidlash joizki, Fuqaro Mudofaasi Xalqaro Tashkilotiga (FMXT) Fransiyaning tibbiyot xizmati generali Jorj Sen-Pol tomonidan asos solingan bo‘lib, 1931 yilda «Jyeneva hududi» xalqaro assotsiatsiyasiga, 1958 yilda Fuqaro Mudofaasi Xalqaro Tashkilotiga aylantirilgan. FMXTning asosiy vazifalari – fuqaro mudofaasi milliy tashkilotlari bilan aloqalar o‘rnatish, aholini muhofaza qilish sohasida tadqiqotlar o‘tkazishga ko‘maklashish, favqulodda vaziyatlarni oldini olish, ular sodir bo‘lganda aholini harakat qilishga tayyorlash bo‘yicha tajriba almashinuvini amalga oshirishdan iborat.

FMXTning Shtab-kvartirasi Shveytsariyaning Jyeneva shahrida joylashgan bo‘lib, unga 53 ta davlat a'zolik qiladi. Xususan, MDH davlatlaridan Ozarboyjon (03.11.1993y.), Armaniston (01.04.1994y.), Moldova (11.01.1997y.), Rossiya Federatsiyasi (06.05.1993y.), Qozog‘iston Respublikasi (15.03.1996y.) va Qirg‘iziston Respublikasi (09.01.2012y.). mazkur xalqaro tashkilotga a'zo bo‘lishgan.

2012 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi vakillari ham FMXTning tadbirlarida ishtirok etishmoqda. 2014 yilning 25 fevral kuni O‘zbekiston FMXTning Doimiy kotibiyatida FMXTning kuzatuvchisi sifatida ro‘yxatga olingan.

Bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunida, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Fuqaro Mudofaasi Xalqaro Tashkiloti o‘rtasida 2018 2020 yillarga mo‘ljallangan aholi va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha hamkorlik rejasi imzolandi.

Top