12:12 / 28.08.2017
16010

Qizlarni Istanbulga fohishalik bilan shug‘ullanish uchun yubormoqchi bo‘lgan ayol ushlandi

Chilonzor tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan, odam savdosi jinoyati bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda. Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlarini olib borayotgan tergov bo‘limi tergovchisi katta leytenant O.Karimov sodir etilgan jinoyat bo‘yicha ma'lumot berdi.

2017 yil 22 avgust kuni Chilonzor tuman Ichki ishlar boshqarmasiga fuqaro E.N.X. ariza bilan murojaat qilib, yoshi 40-45larda bo‘lgan “G” uning “M” va “A” ismli tanishlarini Qozog‘iston Respublikasi orqali Turkiya davlatiga fohishalik bilan shug‘ullanishlik uchun yubormoqchi ekanligini bildirib, mazkur shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlikni so‘ragan. 

Ushbu ariza asosida, shu kuni Toshkent shahar IIBB va Chilonzor tuman IIB xodimlari tomonidan jinoyatchini qo‘lga olish borasida tezkor tadbir rejalashtirilib, Toshkent viloyati, Zangiota tumanida joylashgan “G‘isht-ko‘prik” YPX maskanida R.G.A. fuqarolar S.M.I. va R.A.M.ni Qozog‘iston Respublikasi orqali Turkiya davlatiga yubormoqchi bo‘lgan vaqtida qo‘lga olingan. 

Mazkur holat yuzasidan G.A.R.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov davrida u M.I.S. va A.M.R.ga fohishalik qilish orqali mo‘may daromad orttirishlari, yashash shart-sharoitlari yaxshi ekanligini va'da qilib, ularni Qozog‘iston Respublikasi hududi orqali Turkiya davlatining Istanbul shahriga yubormoqchi bo‘lganligi aniqlandi. 

Dastlabki tergov harakatlari davomida mazkur jinoyatni sodir etganlikda G.A.R.ning aybi to‘liq isbotlanib, unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi “b” bandi (odam savdosi, ya'ni ikki yoki undan ortiq shaxslarni ulardan foydalanish maqsadida yollash) bilan ayblov e'lon qilindi va jinoyatning og‘irlilik darajasini inobatga olgan holda G.A.R.ga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi tanlandi. 

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, G.A.R.ning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda. 

Top