07:40 / 28.08.2017
6794

Shavkat Mirziyoyev Jahon sayyohlik tashkiloti bosh kotibini qabul qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 avgust kuni Samarqand shahrida “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali va “Jahon tamadduni tarixida Markaziy Osiyo Renessansi” xalqaro anjumanida ishtirok etish uchun mamlakatimizda bo‘lib turgan BMT Jahon sayyohlik tashkiloti bosh kotibi Taleb Rifaini qabul qildi. 

O‘zbekiston Jahon sayyohlik tashkilotiga 1993 yilda a'zo bo‘lgan. 2004 yildan Samarqand shahrida ushbu tashkilotning Buyuk ipak yo‘li bo‘yicha mintaqaviy ofisi faoliyat yuritmoqda. Hamkorlik natijasida o‘tgan davrda O‘zbekistonning turizm sohasidagi salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda jahon turizm bozorida targ‘ib qilishga qaratilgan o‘nlab muhim loyihalar amalga oshirildi. 

Uchrashuvda turizm sohasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlashning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi. 

O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘ylab sayohatlarni ommalashtirish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar ko‘rish, turizmning yangi turlarini rivojlantirish va xaridorgir turizm mahsulotlari ishlab chiqish, xalqaro andozalarga javob beradigan zamonaviy infratuzilma yaratish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. 

Taleb Rifai Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun chin dildan minnatdorlik bildirdi hamda O‘zbekistonda turizm sohasini iqtisodiyotning strategik tarmog‘i sifatida rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga yuksak baho berdi. 

Rifai Jahon sayyohlik tashkiloti O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishga doir dastur va loyihalarni faol qo‘llab-quvvatlash va ularda ishtirok etishga tayyor ekanini ta'kidladi.

Top