10:35 / 29.08.2017
14608

General-mayor Abdusalom Azizov AQSh elchisi bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-mayor Abdusalom Azizov AQShning mamlakatdagi Favqulodda va muxtor elchisi Pamela Spratlen bilan uchrashdi.

Uchrashuv chog‘ida tomonlar mintaqamizda barqarorlik va xavfsizlikni ta'minlash bo‘yicha ikkala mamlakat huquqni muhofaza qilish organlarining, shu jumladan, Interpol tashkiloti orqali aloqalarini mustahkamlash, shuningdek, «yo‘l xaritasi»ni amalga oshirish doirasida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.

Pamela Spratlen favqulodda vaziyatda qanday harakat qilish bo‘yicha birgalikda mashqlar o‘tkazishni, shuningdek, har ikki davlat huquqni muhofaza qilish tuzilmalarining narkotrafikka, odam savdosiga va terrorizmga qarshi kurashish borasidagi hamkorligini mustahkamlashni taklif qildi.

– Mamlakatingizda faoliyat ko‘rsatayotgan diplomatik vakolatxonalarning ishonchli qo‘riqlanishini ta'minlash bo‘yicha siz rahbarlik qilayotgan tizim xodimlarining sa'y-harakatlarini yuqori baholaymiz. 2004 yilda mamlakatimiz elchixonasiga terrorchilik hujumi sodir etilganida sizning xodimingiz ko‘rsatgan qahramonlikni hech qachon unutmaymiz. Ishonchimiz komilki, vazirlik xodimlari bundan keyin ham har qanday xavf-xatarni bartaraf etish yo‘lida barcha imkoniyatlarni ishga solishadi, – dedi Pamela Spratlen.

AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi rahbari ta'kidlaganidek, so‘nggi paytda Ispaniyaning Barselona shahrida sodir etilgan terrorchilik harakati, AQShning Virjiniya shtatida yuz bergan to‘qnashuvlar bunday tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish lozimligini ko‘rsatmoqda. Shu munosabat bilan tomonlar axborot va tajriba almashish borasida o‘zaro hamkorlik qilishga, shuningdek, xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi diplomatik vakolatxonalarida sodir etilishi mumkin bo‘lgan terrorchilik hujumlarini o‘z vaqtida bartaraf etish bo‘yicha qo‘shma mashqlar o‘tkazishga tayyor ekanliklarini izhor etishdi.

– Xavfsizlik haqida gap ketganda kam ahamiyatli, ikkinchi darajali masala bo‘lmaydi, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-mayor A. Azizov. – Ichki ishlar organlarida tub islohotlar amalga oshirilayotgan, oldimizga Prezidentimiz tomonidan xalq manfaatlariga xizmat qilish vazifasi qo‘yilgan bugungi kunda boshqa mamlakatlardagi hamkasblarimizning ilg‘or tajribasini o‘rganish, terrorizm, odam savdosi, narkotrafik kabi xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish uchun yanada yaqinroq aloqalar o‘rnatish biz uchun nihoyatda muhimdir.

Ichki ishlar organlari tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish, mansab vakolatlarini suiiste'mol qilish va boshqa qonunbuzarlik holatlarini bartaraf etish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlash maqsadida ichki ishlar organlari ommaviy axborot vositalari bilan yaqin hamkorlik qilayotgani haqidagi ma'lumotlar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Ochiq-oshkora, ishchanlik ruhida o‘tgan suhbat yakunida tomonlar har ikki taraf manfaatdor bo‘lgan masalalar yuzasidan muzokaralar samarali kechganidan mamnun ekanliklarini izhor etishdi.

Mavzuga oid
Top