14:50 / 29.08.2017
47892

Tahlil. Jahon chempionatiga chiqish uchun bizga necha ochko kerak?

Foto: O‘FF matbuot xizmati

Kecha bir tanishimni uchratib qoldim.

- Aka, terma jamoamiz nima bo‘larkin?

- Bilmasam, ko‘raylikchi...
- Mabodo koreyslar bilan ochkomiz teng bo‘lib qolsa, kim chiqadi?
- To‘plar nisbatiga qaraladi.

- O‘zaro o‘yinmasmi? Har doim shu savol chiqaveradi, axtarib topolmadim shuni

- Reglamentda bor, kerak bo‘lsa, ko‘rib olsa bo‘ladi. Endi unaqa holatlar kam, bo‘lib qolsa, ma'lum bo‘ladi-ku shundog‘am.

- Ha, shuni yozib qo‘ysa bo‘lmaydimi aniq qilib?

- O‘zi faqat o‘zbekistonliklar oldindan hisob-kitob qiladi, shekilli-da...

Oxirgi javobim qanchalik to‘g‘ri bilmadim-u, ikki muhim o‘yin oldidan mana shunday hisob- kitoblarga ehtiyoj tug‘ildi.

OFKda birinchi marta so‘nggi bosqichda 6talik guruhlarga bo‘lindi. Ilgari bir guruhda besh jamoa ishtirok etardi. Bu vazifamizni osonlashtirdimi yoki yo‘q, hali ma'lum emas, ammo turnir boshlanishi oldidan hamkasblarimiz bilan o‘zimizcha hisob-kitob qilgandik. Bir necha yillardan beri tatbiq qilinayotgan Yevropadagi 6talik guruhlarni tahlil qilib, 2-o‘rinni olish uchun 19-20 ochko olish kerakligiga amin bo‘lgandik.

Ammo guruhimizda yaqqol peshqadamning borligi va hammaga ochko ulashadigan jamoa bo‘lmaganligi ishimizni osonlashtirdi va endi kamroq ochko bilan ham niyatga yetish mumkin.  

Xo‘sh, haftaning muhim savoli – biz bu safar jahon chempionatiga chiqishimiz uchun necha ochko yig‘ishimiz kerak?

6 OChKO

Hozirda guruhda 3-o‘rinda borayotgan bo‘lsak-da, keyingi o‘yinlardagi 100 foizlik natija bizni jahon chempionatiga olib chiqadi. Chunki o‘yinlarimizdan biri bizdan oldinda borayotgan Janubiy Koreyaga qarshi kechadi va ular ustidan qozonilgan g‘alaba orqali 2-o‘ringa ko‘tarilib olishimiz mumkin.

Endi boshqa variantlarni ko‘rib chiqish uchun, avvalo, e'tiboringizga 9-tur oldidan musobaqa jadvalini havola qilamiz.

Eron terma jamoasi guruhdagi 1-o‘rinni band qilib qo‘ygan. 2-o‘rin uchun kurash xuddi o‘tgan safargidek, asosan biz va koreyslar o‘rtasida kechadi.

9-tur. Xitoy – O‘zbekiston

9-tur. Janubiy Koreya – Eron

10-tur. O‘zbekiston – Janubiy Koreya.

Mana shu uch uchrashuv yo‘llanma taqdirini hal qilishini e'tiborga olib, turli variantlarni ko‘rib chiqamiz.

 

XITOYNI YuTAMIZ:

1-variant. Eron Janubiy Koreyaga yutqazadi.

Bu holda so‘nggi tur oldidan Bizda 15, Janubiy Koreyada 16 ochko bo‘ladi. (Suriya 2-o‘rin uchun imkoniyatni butunlay yo‘qotadi) Yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun Toshkentdagi o‘yinda g‘alaba qozonshimiz shart bo‘ladi.

2-variant. Eron Janubiy Koreya bilan durang o‘ynaydi.

Bu holatda, biz Janubiy Koreyani quvib o‘tamiz va so‘nggi turda kamida durang o‘ynashimiz kerak bo‘ladi. Mag‘lubiyat ustunligimizni yo‘qqa chiqaradi.

3-variant. Eron Janubiy Koreya ustidan g‘alaba qozonadi. 

2-variantga qaralsin.

 

XITOY BILAN DURANG O‘YNAYMIZ

4-variant. Eron Janubiy Koreya ustidan minimal hisobda g‘alaba qozonadi.

Ochkolarimiz koreyslar bilan tenglashib qoladi. To‘plar nisbatimiz ham teng – 0 bo‘ladi. Ammo agar Xitoydagi durangimiz 7:7 bo‘lmasa, Koreya jadvalda bizdan tepada (ko‘proq gol urgani uchun) bo‘lib qoladi. G‘alaba qozonishimiz shart.  

5-variant. Eron Janubiy Koreya ustidan yirikroq g‘alaba qozonadi.

U holatda Xitoydagi durang bizni jadvalda 2-o‘ringa olib chiqadi va so‘nggi turda durang o‘ynab ham JChga chiqishimiz mumkin. E'tibor bergan bo‘lsangiz, bu biz uchun eng omadli variant – yana 2 ochko bilan mundialga chiqish imkoni bo‘ladi. Esingizda bo‘lsa, o‘tgan safar 5 jamoali guruhda 14 ochko olib ham uchinchi o‘rinda qolgandik.   

6-variant. Eron Janubiy Koreya bilan durang o‘ynaydi.

U holda turnir jadvali o‘zgarishsiz qoladi va Toshkentda Janubiy Koreyani yutishimiz shart.  

7-variant. Eron Janubiy Koreyadan yutqazadi.

10-tur oldidan Janubiy Koreya bilan o‘rtamizdagi farq 3 ochkoga yetadi. Xitoydagi durangdan so‘ng, bizda to‘plar nisbati – 0 ga teng. Janubiy Koreyada hozir +1. Erondagi g‘alaba bilan kamida +2 ga yetadi. Ya'ni o‘rtadagi farqni yo‘qotish uchun koreyslarni ikki to‘p farqi bilan yengishga to‘g‘ri kelib qoladi. Chunki minimal hisob har ikki jamoaning to‘plar nisbatini +1 ga aylantiradi. Qaysi jamoa ko‘proq gol urganiga qaralsa, raqiblarimiz ustunroq.   

 

XITOYDAN YuTQAZAMIZ

8-variant. Eron Janubiy Koreya ustidan g‘alaba qozonadi.

Turnir jadvali o‘zgarishsiz qoladi va Toshkentda Janubiy Koreyani yutishimiz shart. Shuningdek, Suriya terma jamoasi Qatarni yutib, ochkolari sonini 12taga yetkazishi va ikkinchi va uchinchi o‘rinlar uchun kurashga qo‘shilishi mumkin. Bu esa, yanayam xavfli, biz nafaqat 2-o‘rinni orzu qilishimiz, balki, uchinchi o‘rinni boy berishimiz ham mumkin bo‘lib qoladi.

9-variant. Eron Janubiy Koreya bilan durang o‘ynaydi.

O‘rtadagi farq 2 ochkoga yetadi. Vazifa o‘sha – Janubiy Koreya ustidan g‘alaba qozonishimiz kerak bo‘ladi. O‘z navbatida, Suriya tomonga ham qarab qo‘yishga to‘g‘ri keladi.  

10-variant. Eron Janubiy Koreyadan yutqazadi.

Janubiy Koreya muddatidan oldin 2-o‘rinni naqd qilib oladi. Ammo so‘nggi tur o‘z qiymatini yo‘qotmaydi. Biz endi uchinchi o‘rinni Suriyaga berib yubormaslik uchun ham ochko olishimiz kerak bo‘ladi.

Tahlil qilib ko‘rish mumkinki, sanab o‘tilgan 10 variantdan 8tasida JChga chiqishimiz uchun Janubiy Koreyani yutishimiz shart bo‘lib qolar ekan. Mana shu 8 variantning 2tasida hatto g‘alaba qozonib ham, uchinchi o‘rinda qolib ketishimiz ehtimoli mavjud ekan. O‘z navbatida, atigi 2 ochko olib ham, Rossiya – 2018 yo‘llanmasini qo‘lga kiritish imkoni yo‘q emas.

Demak, so‘nggi turda o‘zimizni yaxshiroq his qilishimiz va vazifani yengillashtirishimiz uchun Xitoyda g‘alaba qozonishimiz, eng kamida durang o‘ynashimiz kerak bo‘ladi. Agar Xitoyda durang o‘ynasak, har qanaqasiga (Eron- Janubiy Koreya qanday tugashidan qat'i nazar) 2-o‘rin taqdiri Toshkentda hal bo‘lar ekan.

Futbolchilarimiz Xitoydan o‘sha imkoniyatni o‘z qo‘llarida saqlab qolgan holda qaytishlariga ishonch bildirib qolamiz.

Q.Aslanov

Mavzuga oid
Top