14:39 / 30.08.2017
9723

Namanganda yangi tibbiy muassasalar foydalanishga topshirildi

Foto: Namnews.uz

Istiqlol ayyomi arafasida Namangan aholisi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyat hokimligi va quruvchilardan ajoyib tuhfa oldilar. Viloyatning shahar va tumanlarida oilaviy poliklinikalar hamda qishloq vrachlik punktlari binolarini qayta ta'mirlash ishlari nihoyasiga yetkazildi. 

Tizimdagi keng ko‘lamli islohotlar barobarida mavjud 211 ta qishloq vrachlik punktlari o‘rnida 62 ta qishloq oilaviy poliklinikasi va 75 ta qishloq vrachlik punktlari tashkil etildi. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida ularning xizmat ko‘rsatish vaqti ertalab soat 8 dan kechqurun soat 20 gacha uzaytirildi. Qishloq oilaviy poliklinikalarida umumiy amaliyot shifokorlari bilan birga oltita tor soha mutaxassislari, jumladan, pediatr, terapevt, ginekolog, xirurg, stomatolog, UTT vrachi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Foto: Namnews.uz

Shu bilan birga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari binolarini ham qayta ta'mirlash va imkoniyatlarini kengaytirish ishlari olib borilmoqda. Jumladan, Namangan shahridagi 10-oilaviy poliklinikasini qayta ta'mirlash uchun 1,5 milliard so‘mdan ortiq byudjyet va homiylar mablag‘i, Uchqo‘rg‘on tumanidagi 38-qishloq oilaviy poliklinikasida homiylar tomonidan 900 million so‘m va byudjyetdan 270 million so‘m, Chortoq tumanidagi Hazratishox qishloq vrachlik punktida esa 195 million so‘m byudjyet, 150 million so‘m homiylar mablag‘i sarflandi.

Kosonsoy tumanidagi 5-, Mingbuloq tumanidagi 7-, Namangan tumanidagi 12-, Norin tumanidagi 19-, Pop tumanidagi 21-, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 27-, Uychi tumanidagi 33-, Chust tumanidagi 45-, Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 60-sonli qishloq oilaviy poliklinikalarda qurilish-ta'mirlash ishlari yakunlangach binolar va hududlar yanada ko‘rkam qiyofaga kirdi. Shuningdek, qayta ta'mirlangan o‘nlab qishloq vrachlik punktlari ham yurtdoshlarimizga xizmat qila boshladi.

Ta'mirlash ishlari sifatli amalga oshirilganligi bois Namangan shahridagi 10-oilaviy poliklinikasidagi imkoniyatlar yanada kengaydi. 55 ming nafar aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadigan maskanda eng takomillashgan texnologiyalar qo‘llanilmoqda. Ayniqsa, faoliyatga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari tatbiq etilayotganligi muhim yangilikdir.

Foto: Namnews.uz

Mamlakat viloyatlari ichida birinchi bo‘lib Sog‘liqni saqlash vazirligining «O‘zMedInfo» tashkiloti hamda viloyat kompyuterlashtirish markazi bilan birgalikda ushbu poliklinikada «Elektron poliklinika» avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy etildi. Ushbu tizim orqali bemorlarning tibbiy kartalari elektronlashtirilib, yagona elektron ro‘yxatga olish va Internet tarmog‘i orqali to‘g‘ri-to‘g‘ri shifokor qabuliga yozilish imkoniyati yaratildi. Yangi tizimning afzalligi shundaki, bemorlarning qabuli elektron navbatga qo‘yish orqali amalga oshirilishi natijasida aholining vaqti tejaladi va ularning davlat boshqaruvi idoralariga ishonchi ortadi.

Ayni paytda «O‘zMedInfo» tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan «Elektron poliklinika» avtomatlashtirilgan axborot tizimi Namangan shahridagi oilaviy poliklinikalarda bosqichma-bosqich joriy etish ishlari boshlangan.

Shu bilan birga tez tibbiy yordam shoxobchasi poliklinikaga ko‘chirilganligi tibbiy xizmatni uzluksiz, tunu kun davom ettirish imkonini yaratdi. 5 ta tez tibbiy yordam brigadasi aholiga xizmat qilmoqda. Tibbiy patronaj xizmati uchun "Matiz" avtomashinasi ajratilganligi esa uyida yotib qolgan bemorlar holidan xabar olish va mazkur xizmat ishini yanada yaxshilashda g‘oyat asqatmoqda.

Kuni kecha mazkur oilaviy poliklinikaning taqdimot marosimi o‘tkazildi. 

Top