23:34 / 30.08.2017
33887

Hitlerga qarshi jangdan Arafot tog‘igacha

Foto: Azon.uz

Yurtimizda yana bir diniy-ma'rifiy sayt ishga tushdi — AZON.UZ. mazhabimizga oid turli islomiy xabarlar va ta'limotlarni targ‘ib borishni maqsad qilgan. Saytda e'lon qilingan tarjima maqolalardan biri — «Saudiya gazetasida o‘zbeklar haqida maqola: Hitlerga qarshi jangdan Arafot tog‘igacha»ni e'tiboringizga havola etishni ma'qul ko‘rdik.

«SaudiGazette» nashri hozirgi kunda Saudiya Arabistonida haj ibodatini ado etayotgan o‘zbekistonlik urush faxriylari haqida maqola tayyorladi.

Ikkinchi jahon urushida o‘ldirilgan 16 million odam orasidan sobiq ittifoq armiyasi uchun jang qilgan faqat sanoqli o‘zbeklargina bir talay jarohatlar bilan bo‘lsa-da, urushdan tirik qaytishga muvaffaq bo‘ldilar. Urushdan so‘ng uylariga chalajon holatda qaytgan bo‘lishlariga qaramay, shu diydor nasib etgan oz sonli insonlardan ekanliklari uchun shukr etardilar.

Ayni damda haj maqsadi bilan Makkada bo‘lib turgan urush faxriylarining uch nafari bilan gazetamiz muxbiri urush maydonidagi xotiralari haqida aqlbovar qilmas va ajib hikoyalarni yozib olish maqsadida uchrashdi.

Hozir hayot bo‘lgan urush faxriylarining ayni kundagi yoshlari 90-108 orasida. Ular bundan 26 yil muqaddam mustaqillikka erishgan O‘zbekistonning faxr-iftixorlaridir. Aynan shu insonlar Hitler boshchiligidagi fashist armiyasini yengishda jonbozlik ko‘rsatganlar.

Ular o‘z vatanlarida ham doimo hukumat va xalq e'tiboridalar hamda har yili ularga atab maxsus bayramlar uyushtiriladi. Ular uchun doimiy ravishda bepul tibbiy xizmat, uy-joy va yer-mulk, shu bilan birgalikda avtomobillar ham ajratib kelinadi.

Bu yil O‘zbekiston hukumati ularning azaliy orzularini amalga oshirish yo‘lida yana bir katta qadam tashlab, ularning bir nechalarini haj amalini bajarish uchun Makkaga yubordi. Safarga va haj arkonlarini bajarishga qodir bo‘lgan faxriylarga uch shifokor ularning sog‘liqlaridan doimiy boxabar bo‘lish uchun qo‘shib berildi. Mahalliy jurnalist 77 yil oldin sodir bo‘lgan urush haqidagi xotiralarini tinglash uchun nuroniylar bilan uchrashdi.

95 yoshli Turg‘un Yo‘ldoshev 1941 yili qishloqdoshlari bilan birgalikda urushga yo‘l oladi. Oradan 3 yil o‘tgach, u quroldosh do‘stlarisiz bir o‘zi qishlog‘iga qaytadi. U nafaqat do‘stlaridan, balki jang maydonida uning yaqinida portlagan granata sababli bir oyog‘idan ham ayrilgan edi. «O‘sha mash'um hodisa xuddi kechagiday yodimda», deydi u. 1944 yil yanvar oyida Sobiq ittifoq jangchilarini 872 kunlik og‘ir qamaldan qutilib chiqib ketishida jonbozlik ko‘rsatganlardan biri aynan u edi. Shu muddat davomida u oilasiga bor yo‘g‘i beshtagina xat yuborishga muvaffaq bo‘lgan, xolos.

U 1942 yil ortidan o‘q yeb va yaqinidagi mina portlashi sababli ikki marta o‘limdan qolgani uchun Allohga shukrona qilishdan charchamaydi. Urushdan qaytgandan so‘ng u uylanadi va ayni kunda otaxonning 3 qiz, 4 o‘g‘il farzandi bor.

Bugun u o‘zining 70 yillik orzusi bo‘lgan haj ibodatini umrida birinchi bor ado etyapti. Otaxonning hozirgi kunda, urush haqidagi hikoyalarini sevib tinglovchi 76 nafar nabirasi bor. Otaxon ularni har doim harbiy harakatlardan uzoq bo‘lishga va ta'lim olishga qattiq e'tibor qaratishga targ‘ib etib keladi.

Hozirgi kunda 96 yoshda bo‘lgan Zulun Rahim ham Berlinda bo‘lgan janglarda qatnashgan sobiq jangchilardan. Otaxon urush yillarida juda ko‘p qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazgan va bir necha bora o‘lim changalidan omon chiqqan ekanlar. Oradan yillar o‘tib yurtiga qaytib uylangan otaxon, hozir umridagi birinchi Hajini ado qilyapti. Otaxon muqaddas Ka'bani o‘rab turgan Masjidul Haromda ibodat qilish ne'mati nasib etgani uchun benihoya baxtiyor.

Urush maydonida u kishi bir necha vazifani bajarishga mas'ul edi. Simsiz aloqa vositalari va katta yuk mashinasini boshqarish ayni shular jumlasidandir. U daydi o‘q qurboni bo‘lish yoki dushman o‘qidan halok bo‘lmaslik uchun to‘qilgan uzun simlar yoki shox-shabbalar orasidan emaklab uzoq masofalarni bosib o‘tganini eslaydi. Urushda ko‘rsatgan bir nechta qahramonliklari sabab otaxon haligacha faxr bilan taqib yuradigan bir nechta ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan. Hozirgi kunda 60 nabiraning bobosi bo‘lgan bu nuroniy 2 million odamni yostig‘ini quritgan urush komidan hech qanday jarohatlarsiz chiqib kelganidan mamnun.

106 yoshli Ibrohim Ubaydulloh esa o‘z safdoshlari bilan 1941-1944 yillarda janubiy Moldova frontida jang qilgan. Faqat mo‘'jiza tufayligina 3 marta o‘limdan qolgan. U hozir ham ancha tetik va Arofat kunini sabrsizlik bilan kutmoqda.

Otaxon birinchi marta ular joylashgan hudud nemislar tomonidan havodan turib bombalanganda o‘limdan omon qolgan. Undan boshqa barcha askarlar shu hujum natijasida halok bo‘lganlar. U qarorgoh tomon qaytayotgan va bo‘lgan voqea haqida katta ofitserga so‘zlab berayotgan chog‘da ko‘z o‘ngida ofitserni ham boshiga mergan otgan o‘q tegib, halok bo‘ladi.

Ubaydulloh esa darhol o‘limga chap berib yerga yotib oladi va yana omon qoladi. Yana bir safar granata qoldiqlaridan jarohatlanganda, uni juda og‘ir ahvolda kasalxonaga olib keladilar. Shifokorlar uning hayotini saqlab qolgan bo‘lsalarda, tuzalmas og‘ir jarohatlar sabab uni urushga yaroqsiz deya uyiga jo‘natib yuboradilar.

Otaxon ikki marta uylangan. Birinchi ayoli bundan 15 yil ilgari vafot etib ketgan bo‘lsa, keyingi ayoli turmushidan bir necha yil o‘tib vafot etadi. Hozirda otaxonning 100 dan ortiq nabiralari bor.

Mavzuga oid
Top