10:10 / 31.08.2017
23848

Barcha eshiklarning kaliti. Zamonaning antiqa jinoyati

Foto: Wired.com

2012 yil yoz oylarining birida AQShning Arizona shtati Finiks shahrida joylashgan Marriott mehmonxonasida antiqa o‘g‘rilik bo‘lib o‘tdi. Ochiq nomer oldida turgan Aaron Kashatt xonada qo‘lga kiritish mumkin bo‘lgan qimmatbaho buyum yo‘qligini payqab qolgach, yotoqdagi choyshabni o‘rab, olib chiqib ketishni o‘ylab qoladi. Voqea joyiga yetib kelgan politsiya va mehmonxona xodimlari hech qanday barmoq izlari, kuch bilan ochilgan eshik yoki cingan oyna bo‘laklarini topa olmadi. Bu Aaronning eng «kamtarona» harakati bo‘lib, politsiya keyinroq aniqlagan, ya'ni 78ta o‘g‘rilikda jami yarim million AQSh dollariga teng mol-mulk o‘zlashtirilgan.

Tergovchilarning uzoq yillik urinishlari behuda ketganiga sabab bitta - Kashatt eshiklarni ochish uchun o‘zi yaratgan elektron kalitdan foydalangan. Hammasi xavfsizlik ishlari bo‘yicha mutaxassis Kodi Brochiusning mehmonxonalarda o‘rnatilgan, Onity kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan elektron qulf tizimida mavjud kamchilik aniqlaganidan so‘ng boshlandi. 2012 yil iyun oyida Forbes uning fikrlarini maqola shaklida bosib chiqardi, shuningdek, u Las-Vegasda o‘tkazilgan Black Hat axborot xavfsizligi soha mutaxassislarining konferensiyasida nutq so‘zladi. Ammo, muammoni na Onity​, na mehmonxona muassasalari bartaraf etishga kirishdi, hech kim har biri 25 AQSh dollari evaziga tuzatilajak qulflarni sozlashni o‘ylamadi.

Bu davrda ikki marta qamoq jazosini, jumladan bank chekini qalbakilashtirgani uchun jazoga mahkum etilgan Aaron Kashatt televizor qarshisida o‘tirib, Kodi so‘zlab berayotgan masalaga diqqat bilan e'tibor qaratayotgandi. Shu bilan u, mustaqil ravishda elektron kalitni yasashga muvaffaq bo‘ldi. O‘marish texnikasi juda sodda ishlab chiqildi: dastlab, mehmonxona Onity​ tomonidan jihozlangan qulfdan foydalanishi aniqlanadi, so‘ngra yasama soch va bosh kiyim kiyib olgan Aaron xonalarga qiyinchiliksiz kirib, ko‘zga ko‘ringan qimmatbaho buyumlarni o‘g‘irlaydi.

U qo‘lga kiritgan o‘ljalar orasida AQSh marshallining nishoni, qurol, uchuvchining litsenziya hujjati, pasport, golf klyushi, hamyon va qo‘l soatlar bor bo‘lgan. Aaron Kashatt tasodifan politsiya shubhasiga tushib qoldi, u keksa ayolning mashina davlat raqamini o‘g‘irlamoqchi bo‘lganda politsiya tomonidan qo‘lga olindi. Uning nomiga ochilgan mehmonxona nomerini tekshirishganda, maxsus elektron kalit va bir nechta noodatiy buyumlarga ko‘zi tushgan politsiya xodimi uning jinoyat tarixiga qiziqa boshlaydi. Aniqlanishicha, bu mashhur o‘sha o‘g‘ri.

Sud zalida qamoq jazosiga yana bir bor mahkum etilgan Aaron butun dunyo bo‘ylab, Onity​ ishlab chiqargan tizimlarning xavfsizligi shubha ostida qolishini, muammo yechilmaganini ta'kidlab o‘tdi.

Top